Samarqandda temiryo‘lga beton bo‘lagi qo‘yib ketildi

O‘zbekiston 21:22 / 17.01.2025 13337

Samarqand viloyatining Paxtachi tumani hududida temiryo‘l ustiga beton bo‘lagi qo‘yib ketildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar qildi.

Manbaning ma’lum qilishicha, voqea kechda sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs temiryo‘l chetida masofa yozilgan belgi ostidagi beton bo‘lakni kovlab olgan. So‘ngra uni temiryo‘l ustiga qo‘yib ketgan.

Buxoroga ketayotgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi beton bo‘lagiga katta tezlikda kelib urilgan va ma’lum muddat to‘xtab qolgan. So‘ngra yo‘lida davom etgan poyezd manzilga 1 soat 24 minut kechikib borgan.

Poyezdda 133 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ularga tan jarohati yetmagan.

Hozircha holat qachon bo‘lgani, beton bo‘lagini temiryo‘lga kim va nima maqsadda qo‘yib ketgani, shuningdek, “Afrosiyob” poyezdiga yetkazilgan zarar miqdori ma’lum emas.

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot kotibi bilan bog‘landi. Jamiyat matbuot kotibi tahririyatga ma’lumot taqdim qilmadi. Shuning barobarida holat sodir bo‘lganligini inkor ham etmadi.

Ko‘proq yangiliklar: