Rossiyadagi YTHda 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Jahon 17:05 / 10.11.2024 18504

Rossiyaning Penza oblastida o‘zbekistonliklar ketayotgan mashina yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar bermoqda.

Hodisa bugun, 10 noyabr kuni soat 4:00 larda Penza oblastidagi M-5 federal trassasining 738-kilometrida yuz bergan. Oqibatda uch kishi voqea joyida halok bo‘lgan, ikki kishi shifoxonaga joylashtirilgan.

Turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan ikki kishi ham O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, ularga Penza oblasti Kuznetsk rayonlararo shifoxonasida yordam ko‘rsatilmoqda.

Qayd etilishicha, holat O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi nazoratiga olingan bo‘lib, tegishli muvofiqlashtirish ishlari joyiga chiqqan holda tashkillashtirilmoqda.

Mahalliy mas’ul vakolatli organlar bilan halok bo‘lganlarni vatanga qaytarish, shuningdek, jabrlanganlarga tibbiy muolaja ko‘rsatilishini Bosh konsulxona va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari o‘z nazoratiga olgan.

Penza oblasti davlat avtomobil inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisada “KamAZ” yuk mashinasi va Cobalt o‘zaro to‘qnashgan.

Oqibatda Cobalt’ning 1996 yilda tug‘ilgan haydovchisi hamda 1980 va 1965 yillarda tug‘ilgan ikki erkak yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. 1995 yilda tug‘ilgan ayol yo‘lovchi va yana bir erkak shifoxonaga yotqizilgan.

Ko‘proq yangiliklar: