«Arsenal»da ham inqiroz. Buning sabablari nimada?

Sport 16:22 / 10.11.2024 3232

APL doirasida «Chelsi»ga qarshi muhim o‘yini oldida turgan «Arsenal» bungacha ketma-ket ikki uchrashuvda gol urolmay mag‘lubiyatga uchradi. Jamoaning APL chempionligi yo‘lidagi vazifasi kun sayin qiyinlashib boryapti. Ketma-ket uchta bellashuvda g‘alaba qozona olmagan Arteta shogirdlari peshqadam «Liverpul»dan 10 ochkoga (zaxirada bir o‘yin bor holatida) ortda bormoqda. Chorshanba oqshomida «Juzeppe Meatssa»da yutqazib qo‘ygan «to‘pchilar»ning Yevropadagi mag‘lubiyatsiz seriyasi ham barham topdi.

Xo‘sh, jamoada nima noto‘g‘ri ketyapti?

Shunchaki omadsizlikmi?

Arteta o‘z jamoasining Milandagi mag‘lubiyatini ikki bor penalti masalasida chiqarilgan xato qaror bilan izohladi va bu fikrda biroz jon bor. Mikel Merinoning qo‘liga to‘p tekkan vaziyatda ispaniyalik yarimhimoyachining o‘sha yo‘nalishdan qo‘lini tortib qolish imkoniyati nolga teng edi va agar bu vaziyat APLda sodir bo‘lganda, katta ehtimol bilan 11 metrlik zarba belgilanmasdi.

Undan oldinroq xuddi shu Merinoning o‘zi yana bosh qahramon rolida, aniqrog‘i, jabrdiyda obrazida namoyon bo‘lgandi. Gabriel Martinelli tomonidan qanotdan uzatilgan intilgan futbolchiga to‘pga chiqishda toza o‘ynay olmagan Yan Zommer musht tushirdi, biroq VAR ushbu vaziyatga e’tibor qaratmadi.

Bu mavzu haqida uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida gapirar ekan, Arteta quyidagi fikrlarni bildirdi: «Bizga mavsum avvalida bunday vaziyatlarda penalti berilmasligi aytilgandi. Bu aniq. Bugun esa vaziyat boshqacha bo‘ldi. Xo‘p, mayli. Ular penalti berishga qaror qilishdi. Biroq agar bu penalti bo‘lsa, Merinoning boshiga musht tushgan vaziyat 1000 foizli penalti bo‘lishi kerak. Mana shu vaziyatlar farqni belgilab berdi va ularni qabul qilish juda og‘ir».

«Inter»dan uchralgan mag‘lubiyat «Arsenal»ning mavsum avvalidan beri yo‘liqqan muvaffaqiyatsizliklarining navbatdagi, hozircha oxirgisi, xolos. Deklan Raysning «Brayton»ga, Leandro Trossarning esa «Siti»ga qarshi bellashuvda vaqtni cho‘zish vaji bilan maydondan chetlatilishi, Vilyam Salibaning «Bornmut»dagi chetlatilishi, «Liverpul»ga qarshi bellashuvda bekor qilingan gol… «To‘pchilar»ning shikoyat qilishiga yetarlicha asos vazifasini o‘tovchi vaziyatlarning bir qanchasi sodir bo‘lishga ulgurgan. Yuqorida sanalgan qarorlarning barchasi talqinni talab etuvchi holatlar edi va ularning barchasida «Arsenal»ning zarariga qaror chiqarilgan. Demak, Mikel Arteta muvaffaqiyatsiz seriyada omadsizlikni ro‘kach qilishga haqli.

Jarohatlar bahona bo‘la oladimi?

Bir paytlar jarohatlar makoni sifatida mazax qilinadigan «Arsenal» so‘nggi vaqtlarda bu tamg‘adan xalos bo‘lgandi. 2022/2023 yilgi mavsumda Salibaning uzoq vaqtga safdan chiqishini istisno etganda, londonliklarning katta jarohatlardan chetda yurishgani so‘nggi mavsumdagi muvaffaqiyatlarning asosiy faktorlaridan edi. Bu mavsum esa barchasi yana chappasiga ketyapti. Edegor Milandagi mag‘lubiyatli o‘yinning so‘nggi daqiqalarida sentabrdagi jarohatidan keyin birinchi marta maydonga tushdi. Bu ham majburiy almashtirish bo‘lgandi - Havers boshi yorilgani tufayli o‘yinni davom ettira olmadi. Rikkardo Kalafiori va Takehiro Tomiyasu ham uzoq muddatli jarohatlarni boshdan o‘tkazib qaytishdi. Bukayo Saka ham o‘tgan oyning bi qismini lazaretda o‘tkazdi. Shuningdek, Gabriel Magalyayes, Ben Uayt, Yurrien Timber, Gabriel Jyezus, Merino va Raysda ham mavsum davomida jarohatlar kuzatildi.

Mana shularning o‘zi ham yo‘qotishlar Mikel Artetaning mavsumini qanchalik og‘irlashtirayotganini ko‘rsatib turibdi. Shunday ekan, ispaniyalik mutaxassis ham jarohatdagilar, xususan, sardor Edegorning qaytishi bilan jamoaning o‘z formasiga qaytib olishidan umid qilayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Edegorga o‘ta bog‘lanib qolgan jamoa

Darhaqiqat, Martinning yo‘qligi klub uchun katta yo‘qotish bo‘ldi va bu natijalarda aks etib turibdi. So‘nggi bellashuvlarda, xususan, Milandagi bahsda «Arsenal»ga hujumdagi keskinlik yetishmayapti. So‘nggi bahsda ular Yan Zommer darvozasi tomon naq 20 marta zarba berishdi. 2006 yil TsSKA Moskvaga qarshi bellashuvda 23 ta gol bilan yakunlanmagan zarba yo‘llagan «to‘pchilar» uchun bu ikkinchi eng yomon ko‘rsatkich bo‘ldi.

Edegorning jamoa o‘yiniga ijobiy ta’siri — inkor etib bo‘lmaydigan fakt. 2021 yil avgustidan beri londonliklarning g‘alaba ko‘rsatkichi u maydonda bo‘lgan uchrashuvlarda o‘rtacha 65,60 foizni tashkil etgan bo‘lsa, norvegiyalik yarimhimoyachi jamoasiga yordam bera olmagan bahslardagi g‘alabali o‘yinlar ulushi 47,10 foizdir. U bor o‘yinlarda o‘rtacha 2 ta gol urilgan bo‘lsa, Martinsiz o‘yinlarda o‘rtacha 1,8 tadan to‘p kiritilgan.

Yana takrorlaymiz, «Inter»ga qarshi bahsda nimadir «Arsenal»ni xursand qilgan bo‘lsa, bu — Edegorning atigi 5 daqiqaga bo‘lsa-da maydonga qaytgani. Uning qaytishi, darhaqiqat, katta voqelik va katta ehtimol bilan uni «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham maydonda ko‘ramiz. Arteta hozirgi muammoli vaziyatda ehtiyot choralari haqida o‘ylab o‘tirmasa ham kerak.

Hujumdagi muammolar

Haqiqatan ham «Arsenal» «neradzurrilar»ga qarshi bellashuvda ustunlik qildi va buni statistika tasdiqlaydi. Ammo ularning hujumlarida rang-baranglik yetishmadi. Bellashuv mobaynida londonliklar naq 46 marta jarima maydoniga kross amalga oshirishdi. Bundan tashqari, 13 ta burchak zarbasining aytarli hech biri milanliklar darvozasiga jiddiy xavf solmadi. Kay Haversning o‘yinida aniq pasayish bor. So‘nggi 6 uchrashuvda 1 ta gol urgan hujumchi mavsumning dastlabki 10 o‘yinida 6 bor darvozani ishg‘ol qilgandi.

Yuqoridagi grafik orqali ko‘rib turibsizki, Kayning xG borasidagi ko‘rsatkichlari ham ancha past va gollar sonidagi pasayish o‘z-o‘zidan tushunarli: unga kamroq vaziyat yaratib berilmoqda. Buni Gabriel Martinellining o‘yinidagi qiyin davr bilan ham izohlash mumkin. 2022/2023 yilgi mavsumda 15 ta gol va 6 ta assist qayd etib, chap qanotni o‘z nomiga xatlab olgan braziliyalik vinger, ayniqsa, bu mavsumda o‘z o‘yinini topib olishga qiynalyapti. Mavsumning hozirgacha bo‘lgan qismida u jami 2 ta gol va yana shuncha assist amalga oshirdi. Klubning o‘z yo‘liga tushib olish masalasi Gabining so‘nggi yillardagi formasini qancha tez tiklay olishiga ham bog‘liq.

Hujumchi kerak edi(mi?)

«Arsenal»da nafaqat maydonda, balki tashqarida ham katta voqealar sodir bo‘lmoqda. 5 yillik faoliyatidan so‘ng Edu klubni tark etdi. U Rays va Edegor kabi bir qatar katta nomlarni «Emireyts»ga olib keldi. Shu bilan birga, maoshi foydasidan balandroq bo‘lgan Piyer-Emerik Obameyang va Mesut O‘zil kabi futbolchilarni ketkazdi. Biroq uning yozgi kampaniyada jamoaga strayker olib kela olmagani muvaffaqiyatsizlik edimi? Hozirgi natijalar bu savolga «ha» deb javob bermoqda. Garchi o‘tgan mavsum 91 ta gol urib, klub rekordini yangilagan bo‘lsa ham, «Arsenal»ga yaqqol 9-raqam kerakligi rad etib bo‘lmaydigan ehtiyoj edi. Yoz bo‘yi Aleksandr Isak, Benyamin Sheshko va Viktor Gyokeresh kabi hujumchilar bilan nomi bog‘langan klub yakunda birgina Rahim Sterlingni ijaraga olish bilan cheklandi. U esa hozirgacha 8 ta bellashuvda maydonga tushib, Liga Kubogida 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi, xolos. Demak, yozda klub hujumchi olishi shart edi, mavsumni saqlab qolish uchun hali ham kech emas.

Safar o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsizliklar

Bir narsa aniq: «Arsenal»ning mavsum startidagi taqvimi doim qiyin ko‘rinadi. Dastlabki 11 ta turda «to‘pchilar» «Aston Villa», «Tottenhem», «Manchester Siti», «Nyukasl», «Chelsi» kabi klublarning uyida, «Liverpul» bilan esa o‘z maydonida o‘ynashi kerakligi belgilangandi. Bu davr ichida «PSJ»ni uyida qabul qilib, «Inter» maydoniga safar qilish muammoni yanada chigallashtirdi. Taqvimdan kelib chiqqan holda, «Arsenal» mavsumning hozirgi paytgacha bo‘lgan qismini u qadar yomon o‘tkazmaganini aytish mumkin. Lekin «Nyukasl» va «Bornmut»dan uchralgan mag‘lubiyatlar ularning yomon natijalari bo‘rttirib ko‘rsatilishiga sabab bo‘lyapti. «Inter»dan uchralgan mag‘lubiyat bilan «Arsenal» ketma-ket beshinchi bor YeChLning mehmondagi bahsida g‘alaba qozona olmayapti va ularning 4 tasida gol ham ura olmagan.

Enso Mareska qo‘l ostida qayta tiklanayotgan «Chelsi»ni yengish bilan Arteta shogirdlari o‘zlarining qaytganini rasman e’lon qilishi mumkin bo‘lardi. Mana shu jihatdan ham yakshanba oqshomidagi bellashuvning qadri baland.

Sky Spors ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: