Britaniyada odamlarning DNK ma’lumotlarini saqlab kelgan kompaniya izsiz yo‘qoldi

Jahon 01:17 / 10.11.2024 3477

Buyuk Britaniyada DNK-testlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Atlas Biomed kompaniyasi mijozlarini o‘zida mavjud maxfiy ma’lumotlar taqdiri nima bo‘lgani haqida ogohlantirmay, faoliyatini to‘xtatdi, deb xabar beradi BBC.

Londonda ofisi bo‘lgan Atlas Biomed kompaniyasi insonlarning genetik tuzilishi, shuningdek, ularning irsida qanday kasalliklar borligini aniqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatib kelgan. Ammo foydalanuvchilar endi onlayn rejimda o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlarini ko‘ra olmaydi — kompaniya holatga hech qanday izoh bermay, izsiz yo‘qoldi.

Kompaniya mijozlari vaziyatdan «qattiq xavotirda» va o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlari taqdiri nima kechgani haqidagi savollarga javob olishni istamoqda. Axborot komissari boshqarmasiga (ICO) Atlas Biomed’ga nisbatan bildirilgan shikoyatlarni qabul qilganini tasdiqladi. «Odamlar tashkilot ularning shaxsiy ma’lumotlaridan xavfsiz va mas’uliyat bilan foydalanishlarini kutishga haqli», — deyiladi bayonotda.

Esseks grafligida yashovchi Liza Topping ismli ayolning aytishicha, u bir necha yil oldin genetik xulosa olish uchun 100 funt sterling to‘lab, Atlas Biomed’ga o‘z so‘laklari namunasini yuborgan. Uning o‘ziga tegishli profilga DNK natijalaridan tashqari, qanday kasalliklar bilan og‘rigani va hatto olgan jarohatlari bo‘yicha ham ma’lumotlar kiritilgan. Ayol sayt izsiz yo‘qolishidan oldin vaqti-vaqti bilan onlayn anketasini kuzatib turgan. 

«Begona insonlar ushbu ma’lumotlardan qanday foydalanishlari mumkinligini bilmayman, ammo bu o‘ta shaxsiy ma’lumotlar… Ular g‘oyib bo‘lganini bilganimdan keyin o‘zimni noqulay his qilishni boshladim», — deydi Liza.

Kompaniya bilan bog‘lanish uchun ko‘rsatilgan telefon raqam o‘chiq. BBC uning Londondagi ofisiga borib ko‘rgan, ammo Atlas Biomed’ning hech qanaqa izini topa olmagan. 11 mingdan ziyod obunachiga ega Instagram sahifasi esa 2022 yil martdan beri yangilanmagan. 

Ko‘proq yangiliklar: