Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainaning Rossiya bilan mudofaa urushida xavfsizlik kafolatlarisiz o‘t ochishni to‘xtatishni bema’nilik deb atadi. U 7 noyabr, payshanba kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida: «O‘t ochishni to‘xtatish urushda ishtirok etayotgan davlat, ayniqsa jabrlanuvchi bo‘lgan davlat xavfsizlik kafolatlarini olishini bilganida keladi», dedi. Zelenskiy Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitida ishtirok etdi.
Zelenskiy, shuningdek, Ukrainani NATOga qabul qilishdan bosh tortish va shu bilan birga, masalan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban singari, o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishni ham bema’nilik deb hisobladi. «O‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan, lekin xavfsizlik kafolatlariga qarshi chiqqan yetakchi shunchaki quruq gap bilan cheklandi», dedi Zelenskiy.
DW tomonidan uning xavfsizlik kafolatlarisiz o‘t ochishni to‘xtatishning iloji yo‘qligi haqidagi dalillariga yetakchilar qanday javob bergani haqidagi savoliga Zelenskiy shunday dedi: «Menimcha, ular javob bermayotganga o‘xshaydi».
«Xavfli ritorika»
Zelenskiy Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarisiz Ukrainadagi urushda o‘t ochishni to‘xtatish talablarini «juda xavfli ritorika» deb atadi. «Menimcha, bugun o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi ritorika «Avval o‘t ochishni to‘xtating, keyin ko‘ramiz» degandek bo‘lyapti. Bu narsani talab qiladigan kimsizlar o‘zi? Sizlarning bolalaringiz halok bo‘lib, sizlarning uylaringiz vayron bo‘lyapti? Nimalar deyapsizlar o‘zi?» — deya g‘azabini yashira olmagan Ukraina prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya 2014 yildan beri Donbassdagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimidan faqat keng ko‘lamli bosqinga tayyorgarlik ko‘rish uchun foydalangan. «Bu Ukraina okkupatsiyasini davom ettirishga olib keladi va Ukraina suverenitetini yo‘q qiladi. Buni faqat «divan mutaxassislari» talab qilishi mumkin, ular urushni faqat kitoblar va filmlardan bilishadi. Yillab yoki oylab Putin bilan muloqot qilib, uni quchoqlayotgan, lekin u bilan hech qachon jang qilmagan odamlar. Bu urush, uning oqibatlari va xavf-xatarlarini chuqur tushunmagan holda tahlil qilishdir», — dedi Zelenskiy.
Donald Tramp haqida
Ukraina prezidenti AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp haqiqatan ham urush tezroq tugatilishini istashiga ishonch bildirdi, biroq «tezkor yechim» Ukraina uchun yo‘qotishlar bo‘lishini ta’kidladi.
«Urushning yaqin orada tugashi haqida. Men ishonamanki, prezident Tramp haqiqatan ham muammoni tezda hal qilishni xohlaydi, men bu boradagi g‘oyadan xabarim yo‘q, biz bu haqda prezident Tramp bilan gaplashmadik, menimcha, u va uning jamoasi ma’lum takliflarga tayyorgarlik ko‘ryapti, bularning hammasi oldinda. U haqiqatan ham urushni tezroq tugatishni xohlayotgani aniq. Biroq shunchaki tez tugatish bo‘lsa, unda bu Ukraina uchun yo‘qotishlarni anglatadi. Balki biz biron nimanidir ko‘rmayotgandirmiz, tushunmayotgandirmiz. Shunaqasi ham bo‘lib turadi», — dedi u.
Shu bilan birga, Zelenskiy urush haqiqatan ham tezda tugatilishi mumkinligiga shubha bildirdi. «Bu shunday bo‘ladi degani emas. Men shunchaki vaziyat qanday ekanini aytmoqchiman. Biz rossiyaliklar bilan urishyapmiz va bu fakt. Bu asrning eng qiyin dushmani», — deydi u. RF rahbariyati Ukrainani parcha-parcha qilmoqchi ekanligini ta’kidlagan Zelenskiy Ukraina urushning adolatli yakunlanishini istashini aytdi.