Donald Trampning urushni to‘xtatish rejasi doirasida 1200 kilometrli xavfsizlik bufer zonasini qurish uchun Britaniya qo‘shinlari Ukrainaga yo‘naltirilishi mumkin, deb xabar beradi The Telegraph. Ushbu tafsilotlar Trampning saylovdagi g‘alabasi va uning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
Trampning rejasiga ko‘ra, front chizig‘i bo‘ylab demilitarizatsiya zonasi yaratiladi, Ukraina esa 20 yil davomida NATOga a’zo bo‘lmaslik majburiyatini oladi. Buning evaziga AQSh Rossiyaning yangi bosqiniga yo‘l qo‘ymaslik uchun Ukrianaga qurol yetkazib berishni davom ettiradi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar buffer zona xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z qo‘shinlarini joylashtirish va mazkur missiyani moliyalashtirish niyatida emas.
AQSh o‘z harbiylarini Ukrainaga yubormasligi haqida avvalroq The Wall Streat Journal Tramp jamoasi vakillariga tayanib xabar bergandi. «Buni yaxshisi polyaklar, nemislar, britan va fransuzlar qilsin», — degan nashr manbasi.
Buyuk Britaniya g‘aznachiligi sobiq kansleri Jorj Osborn London AQSh yordamisiz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qiynalishini aytgandi. Kiyev tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Trampning taklifini eshitishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, Rossiya foydasiga bo‘ladigan har qanday shartlarga qarshilik ko‘rsatishini ma’lum qilgandi.
Sentyabr oyida Respublikachilar partiyasidan AQSh vitse-prezidentligiga nomzod Jyey-Di Vens Trampning rejasiga ko‘ra, front chizig‘ida demilitarizatsiya zonasini tashkil etish va Ukraianing NATOga a’zo bo‘lmasligi haqida ekanini aytgandi. Ammo Zelenskiy o‘shanda ushbu taklifni «radikal» va «qabul qilib bo‘lmas» deb atab, Ukrainada shunchaki o‘z hududlaridan voz kechish taklif etilayotganini ta’kidlagandi.
Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasida bir necha bor g‘alaba qozonsa, 2025 yil yanvarda lavozimga kirishguniga qadar Ukrainada urushni to‘xtatishini va buni «atigi 24 soatda» amalga oshirishni va’da qilgandi. Shu bilan birga, u neft narxini tushirib yuborish tahdidi orqali Putinni muzokaralarga jalb etish niyatida ekanini bildirgan.