Yo‘lovchining metro bekatida hojat chiqarishi ko‘p yillik muammoni ochib tashladi, ulkan tog‘ toshi harakatdagi Cobalt’ni bosib qoldi, Chirchiq shahar hokimi o‘rinbosari 1 mln dollar bilan ushlandi, noqonuniy egallangan yer uchastkalarini rasmiylashtirishga oid yangi aksiya start oldi — ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari Kun.uz dayjestida.
1 mln dollar bilan ushlangan “zamhokim”
O‘zbek amaldorlarining «ishtahasi» yanada ochilib, pora olishda ham kimo‘zarga o‘tishgan va yangi rekordlarni o‘rnatishga bel bog‘lagan ko‘rinadi: Toshkent viloyati Chirchiq shahri hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari 1 mln dollar pora bilan ushlandi.
«Zamhokim» 20 gektar yer uchun 2 mln dollar talab qilgan. U kelishilgan puldan 1 mln AQSh dollarini haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlangan.
Hokim o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln dollar miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln dollar talab qilgan.
U oldindan 1 mln dollarni o‘z haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlangan. O‘rinbosar qamoqqa olingan.
Ko‘pchilikni bir savol o‘ylantirayotgan bo‘lsa kerak: 2 mln dollarni «zamhokim»i faqat o‘zi uchun so‘raganmikin?.. Qiziq, albatta…
Hafta davomida yana ikki “zamhokim”ga hukm o‘qilganidan voqif bo‘ldik – 32 mln so‘m bilan ushlangan Taxiatosh tumani hokimi o‘rinbosari G‘ulom Bektemirov 5 yilu 2 oyga, ming dollar bilan ushlangan Xovos tumani hokimining o‘rinbosari Hakimjon Mallayev 7 yilga qamaldi.
Propan 5 oyda qariyb 2 barobarga qimmatladi
Poyga o‘ynayotganlar faqat “zamhokim”lar emas, O‘zbekistonning monopollashgan va betizgin neft-gaz mahsulotlari narx-navosi ham “kimo‘zarga” ilgarilamoqda.
Propanning 1 tonnasi 5 iyundan 5 noyabrgacha bo‘lgan davrda birja savdolarida 5,3 mln so‘mdan 10,2 mln so‘mgacha yoki 91,4 foizga oshdi. Propan narxining qimmatlashishi fonida AI-80 benzini narxi ham ko‘tarilib boryapti.
Oxirgi oylarda propan va AI-80 benzini narxi yonilg‘i quyish shoxobchalarida keskin qimmatlashdi. Ayrim hududlarda taqchillik ham kuzatilyapti. Ushbu yonilg‘i mahsulotlarining qimmatlashishi birjada narxlar oshgani fonida ro‘y beryapti.
Narxlar manipulyatsiyasi ortida kimlar turgani jamoatchilikka ma’lum emas. Nima ham derdik – insof bersin…
Mashina olib kirishga yangi to‘siq
Propan va benzin narxlarining karrasiga oshayotganini hazm qilib ulgurmagan avtomobil, ayniqsa “inomarka” ishqibozlari uchun yana bir xunuk xabar - xorijdan yurtimizga avtomobillar olib kirayotgan xususiy tadbirkorlar uchun ularning biznesini qiyinlashtiruvchi va xarajatlarini oshiruvchi yangi tartib joriy qilindi.
Endi yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtomobillar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi joriy qilinadi. Tekshiruvdan o‘tgan avtolarga muvofiqlik sertifikati taqdim etiladi.
Garchi bu gap-so‘zlar joriy haftada jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan bo‘lsa-da, UzTest axborot xizmati avtomobillarni elektromagnit moslashuvchanlik bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazish avvaldan bo‘lganini ta’kidladi.
«Bundan maqsad bitta transport vositasi boshqa avtomobilga ziyon yetkazishining oldini olish. O‘zbekistondagi rasmiy dilerlar bu tekshiruvdan o‘tib bo‘lgan. Ularga sertifikat ham berilgan. O‘tgan yili bu 40 ta, bu yil esa 30 dan ortiq shunday sertifikatlardan berilgan. Ular mashinalarini har 3‑6 oyda tekshiruvdan o‘tkazib turadi va hujjatlarni taqdim etadi».
Endi rasmiy diler bo‘lmagan avtosalonlar va yakka tartibdagi shaxslar uchun ham bu tartib qo‘llanadi va 7 o‘rindiqqacha bo‘lgan avtomashinalar uchun 9 mln 88 ming so‘m, elektromobillar uchun esa qariyb 6 mln 300 ming so‘mni tashkil etadi. Transport vositalarining toifasiga qarab narx yana o‘zgaradi.
Sertifikat olish uchun sinovlar Piskent avtopoligonida amalga oshiriladi.
Nima bo‘lganda ham, joriy etilayotgan bu tartib tufayli qilinadigan xarajatlar xaridorlarning zimmasiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushadi.
Taxtiqorachadagi fojia
Hafta ham o‘zbekistonliklar, ham vengriyaliklar uchun qayg‘uli bo‘lgan hodisaga guvoh bo‘ldi: 6 noyabr kuni Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtiqoracha dovonida tog‘dan ulkan xarsangtosh yumalab, dovondan o‘tayotgan Sobalt mashinasini bosib qoldi.
Sobalt ichida bo‘lgan ikki yo‘lovchi Vengriya fuqarolari ekani oydinlashdi.
Buni O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi ham tasdiqlab, marhumlarning oilasiga hamdardlik bildirdi.
Mas’ullarning aytishicha, shu kunlari tinimsiz yog‘gan yomg‘ir ulkan xarsangtoshning joyidan qo‘zg‘alishiga sabab bo‘lgan.
«Vafot etganlarning yaqinlariga va oila a’zolariga samimiy hamdardlik bildiramiz. Ushbu baxtsiz hodisa, afsuski, dunyoning istalgan nuqtasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofat natijasida ro‘y berdi», — deyiladi elchixona ta’ziya xabarida.
O‘zbekiston barcha tafsilotlarni aniqlash uchun sinchkovlik bilan tergov o‘tkazmoqda. Shuningdek, halok bo‘lganlarning jasadini vataniga tez orada qaytarishda to‘liq yordam berishga tayyor.
Namanganda yana voyaga yetmagan o‘quvchi avariya sodir etdi – bu safar ham ijaraga olingan mashinada
Yana bir noxush holat eslashga arziydi nazarimizda. Namanganlik avtomobillar ijarachilari yana haydovchilik guvohnomasi yo‘q maktab o‘quvchisiga ijaraga mashina taqdim etishgan. Maktab o‘quvchisi ijaraga olgan mashina bilan “avariya” sodir etdi.
Namangan shahar Davlatobod tumanidagi xususiy maktablardan birining 9-sinfida o‘qishi aytilayotgan o‘smir katta tezlikda boshqaruvni yo‘qotgan, mashina aylanib ketgan va yo‘l chetidagi belgiga urilib, teskari o‘girilib qolgan.
Avvaliga o‘quvchi mashina akasiga tegishli ekanini aytgan. Biroq surishtiruvlar davomida mashina boshqa shaxsga tegishli ekani, uni o‘smir ikki soatga 150 ming so‘mga ijaraga olgani aniqlangan.
Mashinada o‘quvchi sinfdoshi bilan bo‘lgan. Hodisada baxtli tasodif tufayli hech kim jarohatlanmagan va halok bo‘lmagan.
Afsuski bu kabi holatlar Namanganda an’ana tusiga kirib qolgan. Avvalroq 5 nafar o‘quvchi Namangan shahrida Gentra mashinasini ijaraga olib boshqarayotib YTH sodir etgandi. O‘shanda ularning bir nafari voqea joyida, yana ikki nafari shifoxonada vafot etgan edi. Shu hodisa tafsilotlarini o‘rgangan Kun.uz muxbiriga intervyu bergan shifokor bu kabi holatlar yiliga 3-4 martalab sodir bo‘layotganini, ularni har birida yosh yigitlar o‘layotganini aytgandi.
Mazkur fojiadan ijarachilar va Namangandagi mutasaddilar tegishli xulosa chiqarmagan ko‘rinadi. Respublika darajasidagi idoralarda ularning tanobini tortib qo‘yadigan biror mard yo‘qqa o‘xshaydi.
Metrodagi voqea
Endi yaxshi xabarlarga o‘tsak. Yakuniga yetayotgan haftada kulgili, ammo foydali hodisa yuz berdi: Toshkent metropolitenining “Paxtakor” bekatida, odamlar ko‘z o‘ngida bir erkak hojatini chiqardi. Boshqa bir yo‘lovchi tomonidan yozib olingan bu video tarmoqlarda tarqagach butun metropoliten tizimidagi ko‘p yillik muammoni ochib tashladi.
Foydalanuvchilar metroda hojatini chiqargan erkakni ayblash o‘rniga, bekatlarda jamoat hojatxonasi yo‘qligi va bu ko‘plab yo‘lovchilarga muammo tug‘dirayotgani borasidagi fikrlari bilan internetni portlatishdi.
Toshkent metropoliteni matbuot xizmati voqeaga tezkor munosabat bildirib, “Chilonzor” bekatida qurilgan ona-bola xonasi va hojatxona tajriba-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganini to‘satdan yodga olib, boshqa 9 ta bekatda ham shunday maxsus xonalar qurilishini ma’lum qildi.
Quriladigan hojatxonalar pulli bo‘ladi.
Hojatxona hamda maxsus xonalar yo‘lovchilar gavjum bekatlarda qurilishi aytilmoqda, biroq hozircha aynan qaysi metro bekatlarida qurilishi ma’lum qilinmagan.
Faollar ko‘p yillik muammoga loqaydlikni o‘ziga xos tarzda ochib bergan bu insonga bepul advokat taqdim qilish, mabodo u qilmishi uchun jarimaga tortilsa, odamlardan pul to‘plab berishga kelishib olishgan.
Yer uchastkalari uchun so‘nggi “aksiya” start oldi
8 noyabrdan boshlab noqonuniy egallangan yer uchastkalariga mulk huquqi taqdim etish bo‘yicha aksiya kuchga kirdi.
Qonun doirasida barcha yer uchastkalari xatlov qilinib, kosmik suratlar bilan solishtiriladi. Qonunga ko‘ra millionlab o‘zbekistonliklarning kadastr hujjatlari yo‘q yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarga bo‘lgan huquqlari tan olinadi. Fuqarolardan esa faqat ma’lum bir to‘lov qilish talab etiladi.
Xo‘sh, qonun qanday tartibda ishlaydi, fuqarolar e’tirozli holatlarda kimga murojaat qilishi kerak?
Avvalo, qonun bilan 2018 yil 1 may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib, o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar hamda shu sanagacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, avval o‘tkazilgan “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar; shuningdek, hokimlarning vakolati bekor qilingan 2021 yil 8 iyunga qadar tuman/shahar hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yerlarga egalik huquqi rasmiylashtirib beriladi.
Kadastr agentligi yaratgan “E’TIROF” dasturi yoki rasmiy saytida barcha fuqarolar One-ID orqali ro‘yxatdan o‘tib, bu jarayonlarni kuzatib turishi ham mumkin.
Millionlab hamyurtlarimizga daxldor masala bo‘lgani uchun Kun.uz ushbu aksiya qanday tartibda ishlashi haqida videolar berib bormoqda. Qiziqqanlar ularni YouTube kanalimizdan topishlari mumkin.
Mirziyoyev Trampni tabrikladi
Okean ortida yuz bergan bo‘lsa ham o‘zbekistonliklar katta qiziqish bilan kuzatgan haftaning eng shov-shuvli siyosiy hodisasi AQShdagi prezidentlik saylovi bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Unda respublikachilardan nomzod, sobiq prezident Donald Tramp g‘alaba qozondi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Trampga AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozonib, ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
«Saylovlardagi ishonchli g‘alabangiz Sizdek boy tajribali va mohir siyosatchining AQShni xalqaro maydondagi nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirish, global taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan dastur va rejalaringiz Amerika xalqi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi», — deyiladi tabrik xatida.
Prezident tabrigida shuningdek, uzoq muddatli va keng qamrovli O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida AQSh prezidenti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi taklif etilgan.