Shaharchani butunlay vayron qilgan halokat: Kanadada Fransiya harbiy kemasi qanday portlagandi?

Jahon 15:02 / 09.11.2024 9674

1917 yil. Hali Birinchi jahon urushi davom etayotgandi. Bir tomonda Antanta harbiy ittifoqiga birlashgan Britaniya, Fransiya va Rossiya, boshqa tomondan Germaniya, Avstriya-Vengriya imperiyalari bir-biriga qarshi jang qilardi.

1917 yil oktyabrda Rossiyada davlat to‘ntarishi uyushtiriladi. O‘zlarini «sovetlar» deb atagan jinoiy to‘da xalqni o‘z tomoniga og‘diradi va muvaqqat hukumatni ag‘darib tashlaydi.

Shundan so‘ng sovetlar Birinchi jahon urushidan chiqqanini e’lon qiladi va «dushman» Germaniya bilan sulh tuzadi. Boshqalar esa urushni davom ettiradi.

Garchi Rossiya «o‘yindan chiqqan» bo‘lsa ham bu Britaniya va Fransiyaga Germaniya ustidan g‘alaba qozonishga xalal bermaydi.

Har ikki davlat qo‘shinlari 1917 yil oxirigacha Germaniya armiyasini Niderlandiya va Belgiya hududidan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lishadi. Germaniyaning mag‘lub bo‘lishi oydinlashib qoladi.

Ana shunday vaziyatda Kanada hududida Antanta davlatlari uchun AQShdan yoqilg‘i va portlovchi moddalar olib kelayotgan kema boshqa bir kemaga urilib portlab ketadi.

Birinchi jahon urushida Germaniya, Avstriya-Vengriya imperiyalari, Italiyadan iborat Uchlar ittifoqi va Rossiya, Britaniya imperiyalari hamda Fransiyadan iborat Antanta bir-biriga qarshi urush olib borgan.

Hodisa

1917 yil 3 dekabr kuni Birinchi jahon urushidan vayron bo‘lgan Belgiya aholisi uchun Nyu Yorkdan humanitar yordam yuklagan Norvegiyaning «SS Imo» kemasi Kanadaning Halifaks portiga kiradi.

Bu port Yangi Shotlandiya provinsiyasida joylashgan bo‘lib, uni Bedford-Beysin bo‘g‘ozi suvlari yuvib turadi. Kema Halifaks portida bo‘sh joyiga ko‘mir ortishi va 5 dekabr kuni yo‘lga chiqishi kerak edi.

Ko‘mir kechikib keladi va uni yuklaguncha kema yo‘lga chiqishga kechikadi va yana bir kun qoladi. 6 dekabr kuni «SS Imo» yo‘lga chiqishga hozirlanayotgan paytda portga Fransiyaning «Monblan» harbiy kemasi yaqinlashadi.

«Monblan» ham Nyu Yorkdan qaytayotgan edi va unga Fransiya armiyasi uchun o‘q-dori, yoqilg‘i va bosh mahsulotlar ortilgandi.

Fransiya kemasining uzunligi 97,5 metr, eni 13,6 metr, yuk ko‘tarish quvvati 3 121 tonna edi. O‘shanda unga:

  • 2300 tona trinitrofenol (pikrin kislotasi);
  • 200 tonna trotil;
  • 10 tonna piroksilin portlovchi moddasi;
  • 35 tonna benzol yuklangan edi.

Kema Atlantika okeanidan suzib o‘tishdan avval yoqilg‘i va matroslarga oziq-ovqat olish uchun so‘nggi manzil sifatida Halifaks portiga kirayotgandi.

6 dekabr kuni tongda «Monblan» ikkinchi bo‘lib Halifaks portiga kira boshlaydi. Ko‘mirni yuklab bo‘lgan «SS Imo» esa portdan chiqish uchun harakatga keladi.

Shu paytda Amerikaga tegishli «SS Clara» kemasi Bedford-Beysin bo‘g‘oziga noto‘g‘ri tomondan kiradi. Buni ko‘rgan «SS Imo» kapitani to‘qnashuvdan qochib kemani yonroqqa olishga qaror qiladi.

Ana shu paytda «SS Imo» kemasi «Monblan»ga yaqin kelib qoladi. Vaziyat shu darajaga yetadiki, hatto har ikki kema shturvalini boshqa tomonga bursa ham to‘qnashishi aniq edi.

«Monblan» kapitani zarba kuchsizroq chiqsin, deya kemani olib qochishga urinadi. Har ikki kemada bo‘lganlar palubada turib «SS Imo» va «Monblan»ning o‘zaro to‘qnashishini kutishardi.

O‘shanda hech kimning xayoliga bir necha daqiqadan so‘ng dahshatli hodisa yuz berishi mumkinligi kelmasdi. Matroslar kemalar yengil to‘qnashadi va keyin yo‘lda davom etamiz, deb o‘ylashgandi.

«Monblan» kapitani birinchi urinishda kemani to‘qnashuvdan olib qochadi va ikki kema yonma-yon turib qoladi. Ikkinchi to‘lqinda «SS Imo» baribir «Monblan»ga uriladi.

«SS Imo» kapitani bir-biriga tegib qolgan kemalarni ajratish uchun uni ortga yurg‘izadi. Shu paytda temir ishqalanib uchqun chiqadi va «Monblan»dagi bochkada bo‘lgan benzolga o‘t ketadi.

Portdagilar «Monblan» kapitani va matroslaridan zudlik bilan kemani tark etishni so‘rashadi. Biroq ular o‘z o‘rnida qoladi.

Shu paytda «Monblan»ga portlovchi moddalar ham ortilganidan xabari bo‘lmagan atrofdagi kemalar yong‘inni o‘chirishga yordamga keladi. Biroq buning iloji bo‘lmaydi. Kemalar ortga qaytishadi.

Portlashdan avval Halifaks shahri shunday ko‘rinishda bo‘lgan

Portlash

Yong‘in soat 8:45 da boshlangan bo‘lsa, soat 9:04 da olov portlovchi moddalar ortilgan bo‘limga yetib boradi va juda kuchli portlash sodir bo‘ladi.

Oqibatda, kema parcha-parcha bo‘lib ketadi va undagi barcha halok bo‘ladi. Portlash tufayli paydo bo‘lgan olov to‘lqini 1 km radiusgacha yetib boradi va 160 gektar maydonda hech narsa qolmaydi.

Portlash episentridan 2,6 km masofada joylashgan barcha binolar batamom vayron bo‘ladi, odamlar issiq to‘lqinda kuyib halok bo‘ladi. Richmon shahri olov ichida qoladi va yong‘in bir necha kun davom etadi.

Bedford-Beysin bo‘g‘ozida va Halifaks portida turgan kemalarda ochiqda turgan barcha matroslar va boshqa odamlar halok bo‘ladi. Shu jumladan, «SS Imo» kemasi kapitani va matroslari ham.

Portlash episentridagi harorat +5000 darajaga chiqib ketadi. Hodisa sodir bo‘lgan paytda tutun 3600 metr balandlikka ko‘tariladi.

Portlash oqibatida jami 2 mingga yaqin odam halok bo‘ladi va 900 kishi jarohatlanadi. 2 ming kishi bedarak yo‘qoladi. Portlash sodir bo‘lgan zahoti 1600 kishi o‘ladi. Bir necha kun davomida jarohatlanganlardan 300 kishi vafot etadi.

O‘sha paytda Halifaks shahrida uchta maktab bo‘lgan va ularda 500 nafar atrofida bola o‘qigan. Maktablar portga yaqin joylashgandi. Shu sababli portlashda o‘quvchilarning 11 nafari tirik qoladi, xolos.

Halok bo‘lganlarning asosiy qismi port yaqinidagi shakar va qog‘oz ishlab chiqaruvchi korxonalar ishchilari bo‘lgan. Shuningdek, ko‘chada, ochiqda yurganlarning barchasi halok bo‘ladi.

Portlashdan so‘ng shahar butunlay vayron bo‘ladi.

Richmon shahridagi temiryo‘lda xizmat qilayotgan 55 nafar temiryo‘lchi olov to‘lqini tufayli halok bo‘ladi. Devorlari yog‘ochdan bo‘lgan 500 ta vagon yonib ketadi.

Umumiy hisobda galifaksda 1630 ta uy batamom qulab tushadi. 12 mingta uy jiddiy shikastlanadi. Keyinchalik, portlash yetkazgan zarar miqdori 35 mln Kanada dollariga teng ekani ma’lum bo‘ladi.

Aslida, qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin edi. O‘sha kuni «Monblan»da yong‘in sodir bo‘layotgani haqida eshitgan temiryo‘l dispetcheri Patrik Koulman Sent-Jon shahridan Richmonga kelayotgan poyezd mashinistiga to‘xtash buyrug‘ini beradi. Shu tariqa poyezdda bo‘lgan 300 dan ortiq odamning joni asrab qolinadi.

Patrik Koulmanning surati 2004 yilda Kanada temiryo‘llarining shon-sharaf muzeyiga qo‘yiladi. 2018 yilda Halifaks-Dartmut yo‘nalishida qatnaydigan paromga uning ism-sharifi beriladi.

Surishtiruv va sud

Portlash hamma yoqni vayron qilar ekan, avvaliga ko‘pchilik bu ishni nemislardan ko‘radi. Hatto ayrim gazetalar bu haqda maqolalar ham chop etishadi.

Hodisadan so‘ng Halifaksda bo‘lgan barcha nemis millatiga mansub insonlar hibsga olinadi. Shuningdek, «SS Imo» kemasi kapitani nemislarga «sotilgan» degan mish-mishlar ham tarqaladi.

Politsiya shifoxonada davolanayotgan kapitanni hibsga oladi. Tintuv paytida uning yonidan tushunarsiz tilda yozilgan maktub topishadi.

Portlash episentriga yaqin hududlarda barcha uylar buzilib ketadi

Biroq shubhalar o‘rinsiz bo‘lib chiqadi. Tekshirib ko‘rilganda maktub norveg tilida yozilgani aniqlanadi. Kapitan qo‘yib yuboriladi.

1918 yil 4 fevral kuni sud aybdorlarga hukm o‘qiydi. Unga ko‘ra, «Monblan» kapitani, lotsmani, Halifaks porti boshqaruvchisi aybdor deb topiladi.

Keyinroq appelyatsiya sudida ayblanuvchilar oqlanadi. Biroq endi «Monblan» va «SS Imo» kemalari tegishli bo‘lgan tomonlar tovon pulini kim to‘lab berishi masalasida sudlasha boshlaydi.

Oxir-oqibat Kanada Oliy sudi har ikki tomon halokatda birday aybdorligi va tovon pulini teng bo‘lib to‘lashi haqida hukm chiqaradi. Biroq Fransiya hukumati bu hukmni tan olmaydi.

2003 yilda Kanadada Halifaksda sodir bo‘lgan halokat haqida serial ishlanadi. O‘sha halokatning so‘nggi guvohi 2013 yilda 98 yoshida vafot etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: