KXDR 8 noyabrdan GPSʼlar faoliyatida xalaqit berishni boshlagani tufayli bir qator kemalar va fuqarolik samolyotlari ishida uzilishlar kuzatildi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi xabar berdi.
Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi (ShBBQ) ma’lumotlariga ko‘ra, bu turdagi hujumlar Shimoliy Koreyaning Xedju va Keson shaharlaridan amalga oshirilmoqda. Seul Sariq dengizda harakatlanayotgan kemalar va uning ustidan uchib o‘tayotgan fuqarolik samolyotlarini yuzaga kelgan xavfdan ogohlantirdi. Shu bilan birga Janubiy Koreya tomoniga ko‘ra, harbiy texnikalarga hech qanday zarar yetmagan.
ShBBQ Shimoliy Koreya bunday harakatlari uchun javob berishini ta’kidlab, Pxenyanni provokatsiyani to‘xtatishga chaqirdi.
KXDR bunday harakatlarni oldin ham sodir etgan — oxirgi marotaba 5 noyabr kuni, undan oldin esa 29 maydan 2 iyunga qadar. ShBBQ ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida GPS-signallarga xalaqit berish holatlari oldingilaridan ko‘ra kuchsizroq signallar yordamida amalga oshirilgan.
Iyun oyida Janubiy Koreya KXDR a’zosi hisoblangan uchta xalqaro tashkilot — Xalqaro elektr aloqalari ittifoqi, Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti va Xalqaro dengiz tashkilotiga murojaat qilib, Shimoliy Koreyaning bunday harakatlariga chora ko‘rishni so‘ragan edi.
Avvalroq Finlandiya aeroportlari GPS tizimidagi uzilishlar tufayli 1960 yillardagi navigatsiyadan foydalanishga o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Boltiqbo‘yi mamlakatlari GPS faoliyatidagi nosozliklarda Rossiyani ayblamoqda.