Joriy yilning uchinchi choragida Rossiyaga Shimoliy Koreyaning 3765 nafar fuqarosi kirib keldi, ular kelish maqsadini o‘qish sifatida ko‘rsatgan, deb xabar berdi Rossiyaning mustaqil "Mediazona" internet nashri 8 noyabr, juma kuni Rossiya chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib. Taqqoslash uchun, koviddan oldingi 2019 yilning butun davrida KXDRning 3200 nafar fuqarosi Rossiyaga o‘qish uchun kelgan.
"Mediazona"ning qayd etishicha, Shimoliy Koreyadan kelgan talabalar uchun kvotalar pastligicha qolmoqda. Aprel oyida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada KXDRdan bor-yo‘g‘i 130 ga yaqin talaba tahsil olgan. Rossiya Ta’lim va fan vazirligi keyingi yil uchun Shimoliy Koreya fuqarolaridan yuzdan ortiq ariza kelib tushganini ma’lum qildi.
KXDR askarlarining Rossiyaga o‘tkazilishi
Shimoliy Koreyadan Rossiyaga talabalar oqimining ko‘payishi G‘arbiy va Janubiy Koreya razvedkasining Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasiga, ehtimol, Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun yuborilgani haqidagi xabarlari fonida sodir bo‘lmoqda. Turli manbalarga ko‘ra, Rossiyaning Kursk oblastida Shimoliy Koreyaning 10 mingga yaqin harbiy xizmatchisi bo‘lishi mumkin. Ukraina noyabr oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari KXDR harbiylari bilan birinchi jangga kirganini xabar qildi.
Moskva va Pxenyan Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilari Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi ma’lumotga izoh bermadi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, "Mediazona" tomonidan taqdim etilgan Rossiya chegara xizmati ma’lumotlari Shimoliy Koreya fuqarolarining faqat 2024 yilning uchinchi choragi uchun mamlakatga kirishi haqida ma’lumot beradi. Ya’ni, gap Amerika razvedkasi Shimoliy Koreya askarlarini Rossiyaga jo‘natilishi to‘g‘risida ommaviy ravishda ma’lum qilgan davr haqida ketyapti. Janubiy Koreyaning "Yonhap" agentligi razvedka ma’lumotlariga tayanib, KXDRdan harbiy xizmatchilarni olib o‘tishning birinchi bosqichi 8 oktyabrdan 13 oktyabrgacha bo‘lganini ma’lum qildi.