“Mehmon deb hurmat qilishadi” – xorijlik talabalar tibbiyotni o‘rganish uchun nega O‘zbekistonni tanlayapti?

O‘zbekiston 11:34 / 09.11.2024 9347

Oxirgi bir yilda O‘zbekistonga kelgan xorijlik talabalar 2 hissa oshgan. Ularning aksari tibbiyotni o‘rganishga kelgan. Xo‘sh, nega? Buning sabablari haqida Kun.uz hindistonlik Kalash, misrlik Mahran va koreyalik Hyunjyeong bilan suhbatlashdi.

Madaniyatlarimiz yaqin”

Kalash Dvivedi tibbiyotni o‘qish uchun Hindistondan O‘zbekistonga kelgan talabalardan biri. U Toshkent tibbiyot akademiyasining 4-bosqichida tahsil oladi. Kalash 1-bosqichni Ukrainada o‘qigan. O‘zining aytishicha, Rossiya-Ukraina urushi sabab o‘qishini boshqa joyga ko‘chirishga majbur bo‘lgan. Bir nechta davlatlar tibbiyoti bilan tanishib chiqqan Kalash nega O‘zbekistonni tanlagani haqida shunday deydi: “O‘qish uchun aynan O‘zbekistonni tanlaganimning sababi O‘zbekiston va Hindiston tarixiy bog‘liqligi bor. Bobur shoh bilan bog‘langanmiz”.

Kalash Dvivedi

Toshkent tibbiyot akademiyasining 3-bosqichida o‘qiyotgan Hyunjyeong Kang O‘zbekistonda o‘zini yaxshi his qilgani, tanishlari bu yerda borligi uchun kelganini aytadi. “Do‘stlarim O‘zbekistonda ham tibbiyot yaxshi o‘qitilishini aytishgan. Shu yerda o‘qishni tavsiya qilishgan. Koreyada tibbiyot ingliz tilida o‘qitilmaydi. Men esa ingliz tilida o‘qishni xohladim. O‘zbekistonda koreyslar ko‘p. Ular bilan doimiy aloqada bo‘lishga imkonim bo‘ladi”, — deydi u.

Misrlik Muhammad Mahran esa diniy yaqinlik bo‘lgani uchun O‘zbekistonga kelganini aytdi. “Toshkentga kelib o‘qishimning sababi – bu yerda musulmonlar ko‘p. Men ham musulmonman. Bu yerda o‘qish diniy tomondan ham men uchun yaxshi deb o‘yladim. Qolaversa, Misrda kirish ballari juda baland edi, shu bilan birga o‘qish xarajatlari ham qimmat”, — dedi Mahran.

O‘zbekistonda o‘qish arzonroqmi?

Oliy ta’lim vazirligi e’lon qilgan narxlarga qaralsa, 2023/2024 yilda O‘zbekistonda tibbiyotni bakalavriatda o‘qish 10,5 milliondan 12 milliongacha yetadi.

Hindistonda davlat OTMlarida 1 yillik o‘qish puli 180-1000 dollargacha boradi. Xususiy oliygohlarda esa narxlar 10 barobargacha yuqori bo‘ladi. Hindistonda har yili millionlab talabalar shifokor bo‘lish uchun o‘qishga topshiradi. Masalan, 2023-2024 o‘quv yilida milliy tibbiyot imtihonida 110 ming o‘rin uchun 2,4 million nomzod kurash olib borgan. Bu kuchli bosim va shiddatli raqobat degani. Umumiy o‘rinlarning 55-60 mingtasi davlat oliygohlariga tegishli bo‘lsa, qolgani xususiylar va kam ta’minlangan oila farzandlari uchun.

Koreyada esa narxlar ancha baland. Davlat OTMlarida yillik tibbiy ta’lim 3000-6000 dollar atrofida bo‘lsa, xususiylarda 5000-10 000 dollar.

Misrda davlat oliygohlarida 1 yillik tibbiy ta’lim 4500-8000 dollargacha boradi.

Talabalar yashashga qancha sarflaydi?

Kalash va Mahran 1 oyda yashash uchun 100 dollar sarflashlarini aytishdi. “Oyiga 100 dollar sarflayman. Hostelda turaman, hozir ishlamayman, faqat o‘qiyman. Dehlida talaba bir oyda 50-80 dollarga ham yashasa bo‘ladi. Toshkentda narxlar Dehlidan ko‘p emas, biroz farq qiladi”, — deydi Kalash.

Mohamed Mahran

Hyunjyeong esa xarajatlari uchun sal ko‘proq sarflashini aytdi. “300 dollar atrofida sarflayman. Koreya bilan taqqoslaganda bu yerda yashash va o‘qish arzonroq”, — dedi u.

2 barobar o‘sish

O‘zbekistonga o‘qish uchun kelayotgan talabalar oxirgi yillarda sezilarli oshgan. Statistika agentligiga ko‘ra, 2023/2024 yilda 10,8 ming nafar talaba O‘zbekistonga ta’lim olish uchun kelgan. Bu 2022/2023 yildagidan roppa-rosa 2 barobarga ko‘p. Ayni kunlarda O‘zbekistonga kelgan xorijlik talabalar orasida eng ko‘p hindistonlik talabalarni uchratish mumkin. Hindistonlik talabalar 5733 nafar bo‘lib, ularning asosiy qismi tibbiyotni o‘rganish uchun kelgan. Keyingi o‘rinda pokistonlik talabalar 1358 va turkmanistonlik talabalar 904 nafarni tashkil qiladi.

Amaliyot qilish imkoni

Xorijlik talabalar O‘zbekistonda tibbiyotda amaliyot qilish imkoni yaxshi ekanini aytishdi. “O‘zbekistonga kelishdan oldin Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyani ham solishtirdim, ammo tibbiy ta’lim O‘zbekistonda yaxshiroq deb o‘yladim. Boshqa ayrim davlatlarda amaliyot qilishga imkoniyat kamroq, O‘zbekistonda esa amaliyot uchun yaxshi sharoit bor ekan”, — dedi u.

Hyunjyeong Kang

Hyunjyeong ham Kalashning fikriga qo‘shilishini aytdi. “Bu yerda ta’lim davomida bemorlar bilan birga ishlash imkoni ko‘proq. Umumiy jarrohlik bo‘yicha o‘qiyapman”, — dedi u.

Odamlar yordam berishga ikkilanmaydi”

Qahramonlarimiz o‘zbek tilini o‘rganishga astoyidil harakat qilishyapti. Kalash o‘zbek tilini o‘rganish unga katta qiyinchilik tug‘dirmayotganini, lekin bunga ko‘proq vaqt ketishini aytadi. “O‘zbek tilini o‘rganishga harakat qilyapman, bu vaqtni oladi, albatta. 6 yillar yashasam, 70-80 foiz o‘zbekchani o‘rgana olaman deb o‘ylayman. Hind va o‘zbek tillari o‘rtasida o‘xshashliklar bor. Ko‘p so‘zlarimiz o‘xshab ketadi. Masalan, do‘st, mehmon, qog‘oz, qalam so‘zlarini hind tilida ham ishlatamiz”, — deydi u.

Shuningdek, u O‘zbekistondagi odamlarni yaxshi ko‘rib qolganini, ular juda yordamsevar, mehribon ekanini ham qo‘shimcha qildi. “O‘zbeklar bizga mehnon deb qaraydi. Ukrainada bunaqa emasdi”, — dedi u.

Hyunjyeong Kangning O‘zbekistonga kelganiga 3 yil bo‘lgan, u o‘zbek tilida ancha ravon gapira oladi. “Tilni o‘rganishda qiynaldim boshida, hozir juda yaxshi tushunaman va gapirishga ham harakat qilyapman. Muammoga duch kelsak, odamlar yordam berishga ikkilanmaydi”, — dedi talaba.

Muhammad Mahran ham tilni o‘rganayotgani, 1-2 yildan keyin yana ham ravon gapira olishiga ishonishini aytdi. U shuningdek, O‘zbekiston ovqatlarini yoqtirib qolganini alohida ta’kidladi. “O‘zbekistonning ovqatlari juda yoqdi, ayniqsa osh. Hatto o‘rganish uchun do‘stlarim bilan osh pishirishga ham harakat qilib ko‘rdim”, — dedi u.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov 

Ko‘proq yangiliklar: