NATO va osiyolik hamkorlar Shimoliy Koreya askarlarining Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushdagi ishtirokini keskin tanqid qilishdi. «NATO ittifoqchilari Rossiya Federatsiyasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi davlat va hukumat rahbarlarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz harbiy agressiyasini xavfli kengaytirish to‘g‘risidagi qarorlarini keskin qoralaydi», deyiladi 8 noyabr, juma kuni NATOning 32 ta davlati qabul qilgan , shuningdek, Ukraina va Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya tomonidan imzolangan qo‘shma bayonotda.
NATO KXDR ishtirokini urushning jiddiy kuchayishi deb hisoblaydi
KXDR harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi ishtiroki NATO tomonidan yevroatlantika xavfsizligi va Hind-Tinch okeani mintaqasiga keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy eskalatsiya sifatida baholanmoqda, deyiladi hujjatda. Uning mualliflari, shuningdek, Pxenyan harbiylarni yuborishdan oldin ham Moskvaga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berish orqali harbiy yordam ko‘rsatganini ta’kidlagan.
«Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni kengaytirish BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘plab rezolyutsiyalarini buzish hisoblanadi», — deya ta’kidlagan bayonot mualliflari. Ular Rossiya Federatsiyasining BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatidagi maqomiga ishora qildilar. «Biz Rossiyani ushbu rezolyutsiyalarga rioya qilishga qaytishga va xalqaro majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.
NATO Ukrainaga yordam berishda davom etadi
Mojaroning bunday rivojlanishi fonida Shimoliy Atlantika alyansi mudofaalanayotgan mamlakatga keyingi yordamni va’da qildi. «Ittifoqchilar Ukrainani g‘alaba qozonmaguncha, zarur bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladilar», deyiladi bayonotda.
Maqsad Ukraina qurolli kuchlarini kuchaytirish, ular Rossiya agressiyasiga muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatishidir, deya ma’lum qildi NATO davlatlari va ularning hamkorlari.
KXDR askarlarining Rossiyaga o‘tkazilishi
Oxirgi haftalarda Shimoliy Koreya harbiylari Rossiya Federatsiyasiga, ehtimol, Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun yuborilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Turli manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Kursk oblastida Shimoliy Koreyaning 10 mingga yaqin askari bo‘lishi mumkin. Ukraina noyabr oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari KXDR harbiylari bilan birinchi jangga kirganini xabar qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 7 noyabr kuni aytganidek, Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastida joylashgan Shimoliy Koreya askarlari allaqachon Ukraina qurolli kuchlariga qarshi janglarda qatnashmoqda va birinchi yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Shuningdek, u KXDRning urushga kirishiga jahon hamjamiyati hali yetarlicha munosabat bildirmaganiga e’tibor qaratdi va keskin javob berishga chaqirdi.
Moskva va Pxenyan Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilari Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi ma’lumotga izoh bermadi.