Parvozlarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi iqlimshunoslar samolyotlar uchishidan chiqadigan zararli gazlar sayyoraning isishiga xizmat qilayotgani va o‘ta boy insonlar shaxsiy samolyotlaridan taksi sifatida foydalanayotganidan ogohlantirdi.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2019 yildan 2023 yilga qadar iqlim o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan karbonat angidrid gazining havoga chiqishi 46 foizga oshgan. Tadqiqotchilar butun dunyo bo‘ylab barcha shaxsiy parvozlarni kuzatib, bir soat davomida shaxsiy samolyotda parvoz qilish atmosferaga o‘rtacha statistik inson bir yilda chiqaradigan karbonat angidriddan ko‘proq gaz chiqarishini aniqladi.
«Ko‘plab badavlat insonlar shunchaki o‘zlariga qulay bo‘lgani uchun samolyotlardan taksi sifatida foydalanmoqda. Futbol o‘yinini ko‘rish maqsadida havoga ko‘tarilgan kimningdir samolyoti o‘rtacha statistik insonning bir yillik ko‘rsatkichidan ortiqcha zararli gaz chiqarar ekan, bu odamlar jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan standartlardan tashqariga chiqayotganini bildiradi», — deydi Linney universiteti professori Stefan Gossling.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda shaxsiy parvozlar atmosferaga 15,6 million tonna karbonat angidrid chiqargan — bu benzin dvigateliga ega 3,7 millionta avtomobil yil davomida harakatlanish orqali chiqaradigan gazga teng.
Har bir inson yiliga o‘rtacha 4,3 tonna karbonat angidridni atmosferaga chiqaradi, ammo Markaziy Afrikada bu ko‘rsatkich atigi 0,1 tonnani tashkil qiladi. Xususiy samolyotlar chiqindi gazlarining 46 foizga oshishi COVID pandemiyasi tufayli tijorat sayohatlari cheklovlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2023 yilda dunyoning eng badavlat insonlaridan biri shaxsiy samolyotida 169 marta parvoz qilib, atmosferaga 2,4 ming tonna karbonat angidrid chiqargan — bu benzin dvigateliga ega 571 ta avtomobilning bir yil davomidagi harakatidan chiqadigan gazga ekvivalentdir. Iqlimshunos olimlar samolyotlardan zarurat bo‘lmasa foydalanmaslikka chaqirib, har bir inson zararli gazlarning atmosfera chiqishiga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘sha olishini ma’lum qildi.