Avstraliyaning sharqiy sohillaridagi plyajlarda ozib ketish alomatlari bilan minglab bo‘ronqushlar jasadi paydo bo‘ldi, deb xabar beradi The Guardian.
Qayd etilishicha, har yili bahorda bo‘ronqushlar shimoliy yarimshardan Avstraliya janubiga uchish va ortga qaytish orqali 15 ming kilometr qanot qoqadi. Odatda oktyabr oxirlaridan boshlab o‘lgan bo‘ronqushlar Kvinslend janubi-sharqiy plyajlarida paydo bo‘ladi. Ammo oxirgi haftalarda Yangi Janubiy Uels va Viktoriyadan ham shu kabi xabarlar kelib tushmoqda.
Tasmaniya universiteti qoshidagi Dengiz va Antarktika tadqiqotlari institutida bo‘ronqushlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi Loren Romanning ta’kidlashicha, qancha qush nobud bo‘lganini va ularning o‘limiga nima sabab bo‘lganini aniqlash mushkul. Uning so‘zlariga ko‘ra, dengiz qushlarining bunday katta ko‘lamda nobud bo‘lishi odatda har yilgi ko‘chish vaqtida yuz beradi.
«Qushlarning o‘lish holatlari ortib bormoqda, degan fikrlar bor. Ammo ular rostdan ham oldingidan ko‘proq nobud bo‘lyaptimi yoki odamlar smartfon va ijtimoiy tarmoqlar orqali bu kabi holatlardan ko‘proq xabardor bo‘lyaptimi — aytish qiyin», — deydi Roman.
Uning ta’kidlashicha, 2013 yilda millionlab dengiz qushlari nobud bo‘lgan, biroq ularning o‘limi hozirgidek keng yoritilmagan.
Shu bilan birga, Adrift Lab olimlar guruhi vakili Jyennifer Laversning ma’lum qilishicha, dengiz qushlarining bunday ko‘lamda qirilib ketishi odatiy holat emas va «evolyutsiya nuqtai nazaridan ma’noga ham ega emas». Uning so‘zlariga ko‘ra, sohilga chiqarib tashlangan qushlar haddan ortiq ozg‘in bo‘lgan, bu ular oziq-ovqat topishda qiynalganidan dalolat beradi.