563 nafar harbiyning jasadi Ukrainaga qaytarildi

Jahon 11:09 / 09.11.2024 4115

Ukraina rasmiylari 563 nafar ukrainalik harbiyning jasadlari qaytarilgani haqida xabar berdi. 8 noyabr, juma kuni Ukrainaning harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi Telegramʼda bildirishicha, Donetsk yo‘nalishida 320 nafar halok bo‘lganlarning jasadi qaytarildi.

Bayonotda yana 89 nafar halok bo‘lgan askarning jasadi Baxmut yo‘nalishidan, 154 nafari Rossiya Federatsiyasidagi o‘likxonalardan qaytarilgani aytiladi. Operatsiya "SBU"ning Birlashgan markazi, Ukraina Ichki ishlar vazirligi, Oliy radaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ofisi, Alohida vaziyatlarda bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha vakil kotibiyati, Ukraina Qurolli kuchlari, Ukraina mudofaa sektorining boshqa tuzilmalari, shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Jasadlar va qoldiqlar topshirilgandan so‘ng ularning shaxsini aniqlash amalga oshiriladi.

RBK: 37 askarning jasadi Rossiyaga qaytarildi

Ayni paytda, RBK Davlat dumasi deputati Shamsail Saraliyevga tayanib yozishicha, Rossiya o‘zining halok bo‘lgan 37 nafar harbiy xizmatchisining jasadini qaytargan. Bu rasman e’lon qilinmadi.

AFP ta’kidlaganidek, bu urush boshlanganidan beri ukrainalik askarlarning jasad qoldiqlarini qaytarish bo‘yicha eng yirik aksiyalardan biridir. Asirlar va halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashish Rossiya va Ukraina hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikning so‘nggi yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Birgina joriy yilning o‘zida 2100 dan ortiq harbiy xizmatchilarning jasadi Ukrainaga qaytarildi, deb yozadi dpa rasmiy ma’lumotlarga tayanib.

Ko‘proq yangiliklar: