AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan respublikachi Donald Trampning ofisi Ukrainadagi ehtimoliy harakatlar haqida gapirdi. Shunday qilib, rejalardan biri shundaki, Kiyev kamida 20 yil davomida NATOga qo‘shilmaslikka va’da beradi va buning evaziga Vashington Rossiya Federatsiyasining keyingi hujumlari oldini olish uchun Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etadi. Bu haqda 6 noyabr, chorshanba kuni Trampga yaqin bo‘lgan uch manbaga tayanib, The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.
Nashrning ta’kidlashicha, barcha takliflar urushni «muzlatish»ni nazarda tutadi – shu tariqa Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizini egallab olishini ta’minlashi mumkin.
Avvalroq AQSh sobiq prezidentining maslahatchilari Kit Kellog va Fred Fleyts Kiyev Rossiya bilan tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lmaguncha, Ukrainani Amerika ko‘magi va qurol-yarog‘ yetkazib berishidan mahrum qilishni taklif etgan edi. Ukraina yo‘qotilgan hududlarni qaytarishga urinishi mumkin, ammo bu diplomatik yo‘l bilan amalga oshirilishi kerak, deb ta’kidladi WSJ.
Zelenskiy birinchilardan bo‘lib Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy birinchilardan bo‘lib Trampni AQSh prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi, deya ta’kidladi dpa va Reuters. Zelenskiy 7 noyabrga o‘tar kechasi Telegramʼda «Prezident Tramp bilan ajoyib telefon suhbati o‘tkazgani va uni tarixiy va ishonchli g‘alabasi bilan tabriklagani» haqida yozdi.
«Biz yaqin muloqotni davom ettirish va hamkorligimizni rivojlantirishga kelishib oldik. Kuchli va qat’iyatli AQSh rahbariyati tinchlik va adolatli dunyo uchun muhim», — deyiladi postda.
Ovozlarni sanab chiqishning dastlabki natijalariga ko‘ra, AQSh prezidentligi saylovlarida respublikachi nomzod Tramp g‘alaba qozongan. Respublikachi 295 ta saylovchilar kollegiyasi ovozini qo‘lga kiritdi, demokrat vitse-prezident Kamala Harris esa 226 ovozga tayanishi mumkin. G‘alaba qozonish uchun o‘z shtatlaridagi saylovchilarni ifodalovchi 270 ta saylovchilar kollegiyasi ovozini olish kerak edi.
Harris eng yuqori davlat lavozimi uchun kurashda mag‘lubiyatga uchraganini omma oldida tan oldi. AQShning yangi prezidenti inauguratsiyasi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.