Bugun, 8 noyabrdan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kiradi. 2024–2025-yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlanadi.
Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov fuqarolarga murojaat bilan chiqib, firibgarlarga aldanib qolmaslikka va ogohlikka chaqirdi.
“Uzoq yillar davomida o‘zi yashab kelayotgan uyini rasmiylashtirib olishni niyat qilib yurgan halol insonlar ko‘p. Ammo vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yo‘llar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar” ham yo‘q emas. Sizlarni bunday nopok kimsalarning har qanday so‘zlari va va’dalariga ishonmaslikka chaqiraman”, degan Farrux Po‘latov.
Agentlik direktoriga ko‘ra, mahallalar aniq tasdiqlangan reja-grafik asosida xatlovdan o‘tkaziladi. Biri qolib ikkinchisiga o‘tilmaydi, ya’ni xalq tili bilan aytganda “tezlashtirib berishning imkoni yo‘q”.
Shuningdek, xatlovdan keyin “E’TIROF” dasturiga kiritilgan har bir holat bo‘yicha 15 dan ortiq vazirlik va idoralar xulosalarini beradi hamda kosmik suratlar yordamida tahlil qilinadi. Xalq tili bilan aytganda “ilojini qilib o‘tkazib bo‘lmaydi”.
Qolaversa, xatlov jarayonida qonun bilan aniq belgilab berilgan 8 ta toifaga kiruvchi holatlar o‘rganiladi.
“Hozirda egallab olib, qurilish qilib qonuniylashtirib olishni reja qilayotganlar javobgarlikka tortiladi va bu ishlar ham axborot tizimlari orqali nazorat qilinadi. Xalq tili bilan aytganda “tanish-bilish o‘tmaydi”, deya ma’lum qilgan agentlik direktori.
Farrux Po‘latov firibgarlik, tamagirlik yoki korrupsiya holatlariga duch kelganda huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishni tavsiya qilgan.
Kun.uz oldinroq ushbu qonun bo‘yicha tahliliy videolavha tayyorlagandi. Unda yer uchastkalarini e’tirof etish borasida kimlar va qanday tartibda ishlashi, agar fuqarolarda e’tiroz bo‘lsa qaysi bosqichda va kimga murojaat qilish kerakligi tushuntirib berilgan.