Rossiyada «chet el agentlari» va mamlakatni tark etganlarni daromaddan mahrum etish taklif qilinmoqda. Tegishli tashabbusni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin bildirdi. «Rossiyani uning fuqarolarini, maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilarini haqorat qilish orqali yo‘q qilayotganlar mamlakatimiz hisobidan boyib ketmasligi kerak», — deb yozdi u 7 noyabr, payshanba kuni Telegramʼda.
Volodinning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi hafta Davlat dumasi «chet el agentlari» intellektual faoliyat natijalari va brendlardan foydalangan holda oladigan mablag‘larni to‘lashning maxsus tartibi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Uning aniqlik kiritishicha, gap «fan, adabiyot va san’at asarlari, ijro va fonogrammalar, radio yoki televideniyedagi xabarlar, ixtirolar va tovar belgilari» haqida bormoqda.
Rubldagi maxsus hisoblar
Volodin aytganidek, ijodiy faoliyatdan olingan har qanday daromad rubldagi maxsus hisobga o‘tkaziladi, uning ochilishi «chet el agenti» uchun majburiy bo‘ladi. Pul mablag‘larini boshqa yo‘l bilan olish taqiqlanadi.
Davlat dumasi raisi, shuningdek, «chet el agentlari» deb tasniflanmagan, lekin Rossiyani tark etgan va u haqda salbiy gapiradigan rossiyaliklarni ogohlantirdi. «Chet el agentlari qatoriga kirmagan, ammo Rossiyaga nisbatan salbiy fikr bildirayotganlar bor, ular uchun biz ham mamlakatimiz hududida joylashgan ko‘chmas mulkdan, shuningdek, uni sotish orqali boyib ketishni to‘xtatish choralarini ko‘rmoqdamiz», — dedi Volodin.
«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi Rossiya qonuni
Rossiyada rasmiylar «xorijiy ta’sir» ostida bo‘lgan har qanday shaxsni «chet el agenti» deb e’lon qilishlari mumkin, uning ta’rifi qonunda juda noaniq. «Chet el agenti» bo‘lish uchun hatto xorijiy manbalardan mablag‘ olish ham shart emas.
Dastlabki «chet el agentlari» Rossiya Federatsiyasida o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin paydo bo‘lgan. O‘shanda rasmiylar gap faqat u yoki bu tashkilot xorijdan moliyalashtirilgani haqida jamoatchilikni xabardor qilish haqida ketayotganini aytdi. Lekin qonunchilikka doimiy ravishda «chet el agentlari» zimmasiga yangi mas’uliyat yuklaydigan va ularni bevosita kamsituvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Masalan, 2022 yil oxiridan boshlab «chet el agentlari»ga davlat muassasalarida o‘qituvchilik qilish, ommaviy tadbirlar tashkilotchisi bo‘lish, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash, saylov komissiyalari a’zosi bo‘lish taqiqlandi.