Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampni AQShning 47-prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi. U «Valday» muhokama klubidagi savollarga javob berar ekan, Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilgan saylovlar natijasiga birinchi marta izoh berdi.
«Hamma avvaliga u asosan biznesmen ekani va siyosatga yaxshi tushunmasligi haqida gapirgandi. Birinchidan, uning suiqasd vaqtida o‘zini qanday tutgani meni hayron qoldirdi. U jasur inson… Siyosatga keladigan bo‘lsa, birinchi safar uni har tomondan ta’qib qilib, qimirlashiga yo‘l qo‘yishmagandek taassurot qoldirgan menda», — deydi Putin Tramp haqida.
Rossiya prezidenti «Tramp Oq uyga qaytsa, nimalar bo‘lishini bilmasligini» ta’kidladi. «Ammo shu kungacha aytilgan gaplar… Rossiya bilan munosabatlarni tiklashga urinish, Ukraina inqirozini tugatishga ko‘maklashish borasida gaplar, menimcha, eng kamida e’tiborga arziydi», — deya qo‘shimcha qildi Putin.
Shundan keyin Putin Trampni g‘alaba bilan tabriklab, AQSh bilan aloqalarning qayta tiklanishiga «hech qanday qarshiligi yo‘q»ligini ma’lum qildi.
Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning Donald Trampni AQSh prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklash rejasidan «xabardor emasligini» aytgandi.
Respublikachi Donald Tramp 5 noyabr kuni o‘tkazilgan AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. 78 yoshli Donald Tramp AQSh tarixida saylovlardagi mag‘lubiyatdan keyin Oq uyga qaytishga erishgan ikkinchi sobiq prezident bo‘ladi: Tramp 2016 yilgi saylovda g‘olib chiqqan, ammo 2020 yil yutqazgandi.