«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?

Sport 16:33 / 08.11.2024 3789

«Sporting»da 4 mavsum ishlab, 2 bor Portugaliya chempionligiga erisha olgan Ruben Amorim, asosan, o‘yinni to‘p nazorati, himoya uchligi bilan yuqori zonalarda o‘ynovchi himoya chizig‘ini tashkil qilish va intensiv pressing ustiga quradi. Lekin u qayergadir emas, «Old Trafford»ga kelyapti va 11 noyabrdan yangi jamoasini «Ipsvich»ga qarshi debyut bellashuviga tayyorlashni boshlaydi. Xo‘sh, u qarashlarini «qizil iblislar» tarkibiga qanday singdirishga urinadi?

Himoya uchligi: Martinezning ahamiyati

Amorim «Sporting»da o‘tkazgan 188 uchrashuvida voz kechmagani himoya markazida 3 nafar himoyachi bilan o‘ynashni «Manchester Yunayted»ga ham tatbiq etishga urinishini kutish mantiqli bo‘ladi. Opta ma’lumotlariga ko‘ra, u asosan 3-4-2-1 sxemasida o‘ynagan. Bundan tashqari, uning faoliyatida 3-4-3 va 3-5-2 sxemalari ham kuzatilgan.

Bu uslubga ko‘nikish uzoq vaqtdan beri Erik ten Hagning 4-2-3-1 sxemasida o‘ynab kelgan futbolchilardan biroz vaqt talab etishi aniq. Niderlandiyalik mutaxassis qo‘l ostida manchesterliklar birorta bahsni himoya uchligi bilan boshlamadi (Opta). Bu uchlikning markazi bo‘lishga Matteys de Ligt asosiy nomzod hisoblanadi. Jismoniy ko‘rsatkichlari va bu pozitsiyadagi tajribasi uni ushbu maqom uchun favoritga aylantiradi. Lisandro Martinez va jarohatdagi Leni Yoro uning ikkala tarafidan o‘rin olishi mumkin. Leni Yoro hanuz APL imtihonidan o‘tgani yo‘q, biroq uning iqtidoriga shubha yo‘q. Ayniqsa, mavsumoldi yig‘inida jarohat olib safdan chiqqan fransuzning jamoaga moslashib ketishi uchun ham orqa chiziqda uni sug‘urtalashi mumkin bo‘lgan yana ikki himoyachi bo‘lishi foydali bo‘ladi.

Uchlikning chap tarafini katta ehtimol bilan Lisandro Martinez egallaydi. Garchi u ten Hag qo‘l ostida eng yaxshi o‘yin ko‘rsata olganlardan bo‘lsa-da, juda ko‘p epizodlarda himoyada ko‘mak yetishmasligidan aziyat chekkandi. Yangi uslubda esa unga «Sporting»da Gonsalo Inasio bajargan rol yuklanishi mumkin. Chunki uning oyoq bilan o‘ynay olish qobiliyati Inasionikidan qolishmaydi.

Ruben Amorim sobiq klubida Inasioga to‘p bilan eng ko‘p marta ishlash imkoniyatini bergan va uning har 90 daqiqa hisobiga amalga oshiradigan o‘rtacha 95,9 ta aniq uzatmalari Portugaliya primeyrasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Inasiodan payt poylagan holda yarimhimoyachilar va hujumdagilarga keskin uzatmalar amalga oshirish talab qilinardi va bu vazifa «Yunayted» himoyasida faqatgina Lichaga ishonib topshirilishi mumkin.

Second Spectrum statistik ma’lumotlar portali taqdim etgan raqamlarga ko‘ra, uning mavsum avvalidan beri 746 marta himoyalanayotgan futbolchilarni ortda qoldirishi (uzatma orqali) «qizil iblislar» tarkibidagi istalgan himoyachining natijasidan 54 foizga yaxshiroq. Ya’ni Amorimsiz ham Martinez jamoaning bild-ap (build-up — paslar orqali raqib bosimini yorib o‘tish) tizimida asosiy murvat vazifasini bajargan.

Laterallarning kenglik hosil qilishi

Amorimning himoya uchligi kerak hollarda himoya beshligiga aylanishi mumkinligi tabiiy, biroq u laterallardan asosan hujum qurollari sifatida foydalanadi. Ular jamoaning keng perimetr bo‘yicha o‘ynashini ta’minlashi, gol va assistlari bilan hujumlarda ishtirok etishi kerak. Aslida, ten Hag qo‘l ostidagi qanot himoyachilari ham ancha yuqori zonalargacha yugurib borishardi, biroq himoyada ikki futbolchi qolishidan raqiblar foydalanib, qarshi hujumlarda gol urib ketishardi.

Himoya markaziga yana bir futbolchi qo‘shilishi bilan laterallar hujumga ko‘maklashish ishlarini himoyadagi vazifalaridan xotirjam bo‘lgan holda amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Albatta, Nussayr Mazraviy va Diogu Dalot tipik qanot himoyachilari, biroq lateral sifatida ham o‘ynay oladi. Xuddi shunday ta’rifni jarohatdagi Lyuk Shouga nisbatan ham ayta olamiz.

Amorim «Sporting»da ko‘plab futbolchilar lateral sifatida porlashiga sababchi bo‘ldi. Misol uchun, Pedro Porroni olaylik. «Sporting»da 2,5 mavsumda 13 ta gol, 14 ta assist amalga oshirgan himoyachi keyinchalik 39,7 million funt-sterling evaziga «Tottenhem»ga sotilgandi. So‘nggi vaqtlarda Nunu Santush ham Amorim qo‘l ostida o‘xshash natijalar qayd eta boshladi: 32 o‘yinda 4 gol va 10 assist. Qizig‘i shundaki, Nunu bazaviy jihatdan vinger hisoblanadi va murabbiyi tomonidan lateral himoyachiga aylantirgan. Demak, ehtimol kam bo‘lsa-da, Alexandro Garnacho, Amad Diallo yoki Antoni kabi futbolchilar ushbu pozitsiyaga moslashtirilishini kutish ham mumkin.

Ugarte yana Amorim bilan

Manuel Ugarte aynan Amorim qo‘l ostida ikki mavsum ichida tarkibga yorib kirish va keyinchalik asosiy futbolchilardan biriga aylanishga ulgurgandi. Keyin esa «PSJ» u uchun portugallarga 50 million funt to‘ladi. «Yunayted»dagi g‘alati startdan so‘ng, sobiq murabbiyi bilan yana birga ishlash imkoniyati urugvaylik yarimhimoyachiga qo‘l kelishi mumkin. Albatta, uning o‘zida ham gap bor — APLga moslashishi kerak. Biroq Amorim undan qanday foydalanishni biladi. Har holda, «Sporting»dagi davrida shunday bo‘lgan.

Inasio kabi himoyachilar to‘pni yuqori zonalarga yetkazib berish bilan shug‘ullanishi talab etilgan uslubda Ugartening vazifasi uni jamoaga qayta yutib berish edi. 2022/2023 yilgi mavsumda Manu 90 daqiqa hisobiga aniq uzatmalar ko‘rsatkichi bo‘yicha «Sporting» tarkibidagilar orasida 6-o‘rinda bo‘lsa ham, uning himoyaviy harakatlardagi foydali ish koeffitsiyenti juda yuqori edi. Uning 121 bor muvaffaqiyatli podkat qilishi Portugaliya oliy divizionida birinchi, Yevropa katta ligalari bo‘yicha esa to‘rtinchi ko‘rsatkich bo‘lgan. Tayanch yarimhimoyachisi bo‘lishiga qaramay, Ugarte o‘sha mavsumda naq 23 marta hujumdagi sheriklari bilan uchlik hosil qilgan holda raqiblardan to‘pni olib qo‘ygan va bu o‘z ligasidagi barcha futbolchilar statistikasidan yaxshiroq edi. Amorimning to‘psiz o‘yinni qanday qurishini yaxshi tushunadigan Ugartedek futbolchi «Manchester Yunayted»ning bo‘lg‘usi murabbiyi qo‘l-ostidagi o‘yinlarida ancha foydali bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u murabbiyga yosh Kobbi Maynuni kamolga yetkazishda katta yordam berishi mumkin.

Brunu hujum uchligiga qo‘shiladi(mi?)

Murabbiy uchun ushbu pozitsiyaga qo‘yishi uchun variantlar yetarli. Hatto Brununi yarimhimoyaning pastkiroq zonalarida o‘ynatishi ham mumkin. Lekin Amorim tayanch zonasidagi yarimhimoya juftligiga ko‘proq himoya haqida o‘ylaydigan futbolchilarni joylashtirishni xush ko‘radi. Ruben jamoaga murabbiy sifatida kelishidan bir necha hafta oldin «Sporting»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tib ketgan 30 yoshli yarimhimoyachi strayker ortiga joylashtirilishi ehtimoli yuqoriroq.

Har holda, Brununi qanotga ko‘chirilmasligini taxmin qilish qiyin emas. Aynan hujumchi ortida Brunu qanchalik foydali futbolchi ekanini yaxshi bilamiz. «Sporting»da Pedro Gonsalvesh o‘ynagan o‘rinni «Yunayted»da Brunu Fernandesh egallashi mumkin. Hujum zonasining chaprog‘idan raqib jarima maydoni tomon kirib boradigan Pedro Gonsalvesh Amorim qo‘l ostidagi 187 uchrashuvda 81 gol va 56 assist amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan. Reshford chap tarafda o‘ynashni afzal ko‘rishi Fernandesh o‘ng tarafda o‘ynashini taqozo etar, biroq uning vazifalari baribir Gonsalveshnikiga o‘xshash bo‘lishi ehtimol.

Gyokeresh Hoylund uchun o‘rnak

Ruben Amorim faqat so‘nggi ikki mavsumda rosmana «qotil» hujumchi bilan o‘ynadi. Viktor Gyokeresh jamoaga kelgunicha uning to‘purarlari hujumorti futbolchilar — Pablo Sarabiya va Pedro Gonsalvesh bo‘lgandi. Lekin ushbu skandinav hujumchi bilan erishgan muvaffaqiyati «qizil iblislar» muxlislarini 72 million funt-sterlingga xarid qilingan Rasmus Hoylundning Amorim qo‘l ostida o‘zini topishiga nisbatan umidlarini uchqunlantiradi. «Atalanta»dan xarid qilinganidan beri 52 uchrashuvda maydonga tushib, 18 gol urish bilan kifoyalangan daniyalik hujumchi Gyokeresh singari to‘p bilan raqib himoyasini yorib o‘tish qobiliyati bilan maqtana olmasa-da, uning tezkor oyoqlari yangi murabbiy quradigan futbolda asqatadi.

Ikki forvardning statistikalari solishtirilsa, o‘rtadagi farq yaqqol seziladi. So‘nggi ikki mavsum davomida Hoylund 90 daqiqa hisobiga 1,6 marta zarba bergan bo‘lsa, shvetsiyalik ampluadoshida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 3,8 martani tashkil qiladi. Shunday ekan, uning gollari soni Gyokereshdan sezilarli darajada kamligi tushunarli. Hujumchilar uchun eng muhimi — zarba. Hoylund Erik ten Hag uslubida jamoaning qolgan qismidan izolyatsiya qilib qo‘yildi va 90 daqiqa hisobiga o‘rtacha 28,4 marta to‘pga tegindi. Viktorda esa bu raqam 44,6 tani tashkil qiladi. Mana shu teginishlarning yarmini 26 yoshli hujumchi raqib jarima maydoni ichida amalga oshirgan.

Bunday muvaffaqiyatli natijalarning sababi ham Gyokereshga jamoadoshlari ko‘proq imkoniyatlar yaratib bera olganida. 39 yoshli murabbiy «Old Trafford»da quradigan o‘yin uslubi orqali Rasmusning ham ko‘rsatkichlari sezilarli o‘sishga erishishi mumkin.

Sky Spors saytidan Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Ko‘proq yangiliklar: