Nissan savdolar tushib ketgani tufayli minglab xodimlarini ishdan bo‘shatadi

Jahon 20:05 / 08.11.2024 1958

Yaponiyaning Nissan kompaniyasi Xitoy va AQShda savdolar tushib ketgani bois minglab xodimlarini ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi, deb xabar beradi BBC.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi mablag‘ tejash maqsadida dunyo bo‘ylab 9 mingta ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda — bu ishlab chiqarish hajmi ham 20 foizga qisqarishini bildiradi.

Kompaniya, shuningdek, 2024 yilgi operatsion daromad prognozlarini 70 foizga tushirdi. Nissan joriy yilning o‘zida ikkinchi marta prognozlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda. «Qayta tiklanish yo‘lidagi mazkur chora-tadbirlar kompaniya qisqarib ketishini anglatmaydi. Kompaniya yanada tejamkor va barqaror bo‘lish uchun o‘z biznesini qayta tashkil etadi», — deydi Nissan bosh direktori Makoto Uchida.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Uchidaning oylik maoshi ikki barobarga qisqaradi, shuningdek, yuqori lavozimdagi boshqa rahbarlarning ham kamroq maosh olishni boshlaydi.

8 noyabr kuni Tokioda Nissan aksiyalari 6 foizdan ortiqqa tushib ketdi. Xitoydagi ishlab chiqarishning ortishi narxlar qulashiga sabab bo‘lmoqda, natijada ko‘plab chet el avtomobilsozlik kompaniyalari mahalliy firmalar bilan raqobatga kirisha olmayapti. Bundan tashqari, kompaniya inflatsiya va yuqori foiz stavkalari yangi avtomobillar savdosiga putur yetkazayotgan AQShda ham qiyinchiliklarga duch kelyapti.

Avvalroq Volkswagen kompaniyasi Germaniya hududida kamida uchta zavodini yopishi va o‘n minglab ish o‘rinlarini qisqartirishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, konsernda ishlashni davom etadigan xodimlar ish haqi 10 foizga qisqarishi va kelgusi ikki yilda oshirilmasligiga tayyor turishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: