MDH davlatlari 2030 yilgacha harbiy hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqadi

Jahon 14:04 / 08.11.2024 1804

MDH davlatlari 2030 yilgacha harbiy hamkorlik konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqadi, bu hozirgi geosiyosiy vaziyatda muhim, dedi MDH bosh kotibi Sergey Lebedev Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblarining 12-yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda butun dunyoda keskinlashuv va yangi qurolli mojarolar, shuningdek, AQSh va NATOning boshqa davlatlar ustidan hukmronlik qilish istagi tufayli bloklar va davlatlararo qarama-qarshiliklarning avj olishi kuzatilmoqda.

Dunyodagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi fonida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar 2030 yilgacha harbiy sohadagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishga kirishdi, dedi tashkilot bosh kotibi.

«O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, hozirgi sharoitda harbiy xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish muhim barqarorlashtiruvchi omil bo‘lmoqda. Biz MDHda 2030 yilgacha harbiy hamkorlik konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishni boshlayapmiz, unda o‘rta muddatli istiqbolda hamkorlikning aniq ustuvor yo‘nalishlari va yangi yo‘nalishlarini belgilab beramiz», — deya Lebedevdan iqtibos keltirgan Rossiya davlat OAV.

MDH ishtirokchi davlatlar qurolli kuchlarining jangovar va taktik-texnik tayyorgarligi mavjud amaliy tajriba va ilm-fan yutuqlari bilan o‘zaro boyitish asosida amalga oshirilishi kerak deb hisoblaydi, deya qo‘shimcha qildi u.

Lebedevning qo‘shimcha qilishicha, bunday hamkorlikdan maqsad hozirgi vaziyatni barqarorlashtirishdir.

Ko‘proq yangiliklar: