Janubiy Koreya prezidenti rafiqasi atrofida yuz berayotgan mojarolar, jumladan, uning qimmatbaho Dior sumkasida ko‘rinish bergani va aksiyalar bilan bog‘liq firibgarlikda gumonlanayotgani uchun uzr so‘radi, deb xabar beradi BBC.
Televideniye orqali mamlakat xalqiga murojaat qilgan Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi o‘zini yaxshiroq tutishi kerak bo‘lganini aytdi, shuningdek, u ayolining nomiga bildirilayotgan ayrim ayblovlar «bo‘rttirib ko‘rsatilayotgani»ni qo‘shimcha qildi.
Janubiy Koreya prezidenti birinchi xonimning rasmiy majburiyatlarini nazorat qilib boradigan ofis tuzishini ma’lum qildi. Ammo u rafiqasining faoliyatiga oid tergov o‘tkazilishini rad etdi.
2023 yil oxirlarida YouTubeʼdagi Voice of Seoul kanalida Kim Gon Xi qiymati 3 million von (2,2 ming AQSh dollari) turadigan Dior sumkasini qabul qilib olayotgani tasvirlangan video e’lon qilingandi. Video uni sovg‘a qilgan shaxsning soatidagi yashirin kameraga tushirib olingan.
Aprel oyida Yun Sok Yol ushbu videotasvir «siyosiy maqsadlarda» sizdirilganini aytib, kechirim so‘ramagan edi. Janubiy Koreya hukumatiga muxolif Demokratik partiyasi prezidentning bunday munosabatini «sharmandalik» deb atagandi.
Mazkur mojaro Yun partiyasida ham bo‘linishlarga olib keldi: Xalq partiyasi yetakchilaridan biri Kim Gon Xini o‘zining hashamatli hayoti bilan tanilgan Fransiya qirolichasi Mariya Antuanetta bilan qiyosladi. Muxolifat partiya, shuningdek, birinchi xonimni anchadan buyon aksiyalar narxi bilan bog‘liq firibgarlik holatlarida ayblab keladi.