Ikki marta ayollarni yutgan Tramp: AQShning yangi-eski prezidenti haqida qiziqarli ma’lumotlar

Jahon 12:50 / 08.11.2024 14827

Bir necha kun oldin o‘tkazilgan saylov Trampning siyosiy faoliyatidagi uchinchisi bo‘ldi. U bundan avval 2016 va 2020 yillarda o‘tkazilgan saylovlarda ham o‘z nomzodini qo‘ygandi.

2016 yilda Tramp Demokratik partiya vakili Hillari Klintonni ortda qoldirib, AQSh prezidentiga aylangandi. 2020 yilda esa Jo Baydenga yutqazgandi. Bu safar Kamala Harrisni ortda qoldirdi.

Quyida Tramp haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.

Germaniyalik muhojirlar avlodi

Donald Tramp 1946 yil 14 iyunda Nyu-York shahrining Kuins tumanida tug‘ilgan. Uning qonida nemislar qoni oqadi va bir paytlar bobosi va buvisi AQShga Germaniyadan ko‘chib kelgan.

Trampning 1937 va 1942 yillarda tug‘ilgan ikki opasi, 1938 yilda tug‘ilgan akasi va 1948 yilda tug‘ilgan ukasi bo‘lgan. Hozirda uning bir opasi tirik, qolganlar hayotdan ko‘z yumgan.

Donald Tramp (chapdan birinchi) opalari, akasi va ukasi bilan.

Ota yordamida boshlangan biznes

Garchi Tramp tez-tez bir paytlar o‘zi oyoqqa turganini aytishni xush ko‘rsa-da, bu gap to‘g‘ri emas. Uning otasi taniqli tadbirkor, ancha boy odam bo‘lgan. Tramp otasining pullari bilan oyoqqa turgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1968 yilda 22 yoshli Tramp aynan otasining kompaniyasiga prezident bo‘ladi. Keyinroq otasi unga 14 mln dollar beradi va Tramp shu mablag‘ bilan o‘z biznesini boshlaydi.

Tramp asosan Nyu Yorkning Bruklin, Kvins va Steytent Aylent tumanlarida uy qurib sotish, ularni ijaraga berish bilan shug‘ullangan.

Keyinroq u Manhettenda osmono‘par binolar, mehmonxonalar, kazinolar va golf maydonchasi qurgan.

Trampning yoqtirgan o‘yini golf hisoblanadi

Bankrotlikka bir qadam

1989 yilda moliyaviy inqiroz yuz beradi va Tramp juda katta miqdorda qarzga botib qoladi. O‘shandan sal avval u Tramp-Toj-Mahal savdo-ko‘ngilochar majmuasini qurish uchun 1 mlrd dollar qarz olgandi.

Oxir-oqibat o‘sha va boshqa qarzlar yig‘ilib, 1991 yilda Tramp bankrotlik holatiga kelib qoladi. Shundan so‘ng u o‘zidagi obligatsiyalarning 50 foizini sotishga majbur bo‘ladi. Pullar qarzlarning bir qismini yopishga sarflanadi.

Tramp undan keyin ham bir necha marta moliyaviy qiyinchilikka duch keladi. Biroq umumiy hisobda u ancha muvaffaqiyatli biznes yuritgan.

Nyu-Yorkdagi "Toj Mahal" savdo-ko‘ngilochar majmuasi. Bu yerda mehmonxona, restoran savdo do‘konlari va kazino bor

Tramp bugun nimalarga egalik qiladi?

Tramp bugun juda ko‘plab ko‘chmas mulk savdo tarmoqlariga egalik qiladi. Ularning nomlariga Tramp o‘z familiyasini bergan:

  • Trump World Tower (Nyu Yorkda);
  • Trump International Hotel and Tower (Nyu Yorkda);
  • Trump Tower (Nyu York, 5-avenyuda);
  • AXA Center (Nyu Yorkda);
  • The trump Building (Nyu Yorkda, Uoll-Stritda);
  • Trump World Tower (Nyu Yorkda);
  • 555 California Street (San Fransiskoda);
  • Trump International Hotel Las Vegas (Las Vegasda);
  • Trump International Hotel and Tower (Chikagoda);
  • Trump Entertainment Resors (Kazinolar tarmog‘i)
  • O‘nlab gol maydonlari;
  • Dunyoning boshqa davlatlarida joylashgan bir nechta mehmonxona;
  • Trump Place (Nyu Yorkda).
Nyu-Yorkdagi Trump World Tower osmono‘par binosi (o‘rtadagi qora bino)

Shuningdek, Tramp bir nechta media kompaniyalarga egalik qiladi. Ular quyidagilar:

  • Miss Universe Organization (bu kompaniya NBC telekanali bilan hamkorlikda AQSh go‘zali va dunyo go‘zali kabi tanlovlarni uyushtiradi);
  • Trump Network (turli vitaminlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tarmoqli marketing kompaniyasi);

Bundan tashqari quyidagilar ham Tramga tegishli:

  • Trump Financial (moliya muassasi);
  • Trump Restaurans (restoranlar tarmog‘i);
  • Donald J.Trump Signature Collection (erkaklar kiyimlarini sotuvchi tarmoq);
  • Ivanka Trump Collection (qizi Ivanka boshchilik qiladigan ayollar kiyimlari va taqinchoqlari sotadigan tarmoq);
  • Trump Ice;
  • Trump Steaks;
  • Trump Home (mebel va uy jihozlari sotuvchi tarmoq);
  • Trump Model Management (model agentligi).
Chikagodagi Trump International Hotel and Tower osmono‘par binosi

Tramp AQSh prezidenti

Tramp katta siyosatga ilk marta 2000 yilda kirib kelgan. O‘shanda u Islohotchilar partiyasidan (Reform Party) o‘z nomzodini qo‘yadi. Keyin ancha yillar siyosatdan uzoq yuradi.

U 2015 yilga kelib 2016 yil o‘tkaziladigan saylovlarda AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishini e’lon qiladi.

O‘shanda u shunday degandi: «Men Xudo tomonidan yaratilgan eng buyuk prezident bo‘laman».

2016 yil 8 noyabr kuni o‘tkazilgan saylovda Tramp demokratlar vakili Hillari Klintonni ortda qoldirib, AQShning 45-prezidentiga aylanadi.

Xitoy bilan savdo urushi va xalqaro tashkilotlarni tark etish

Tramp AQSh prezidenti bo‘lgandan so‘ng xalqaro siyosatda o‘zini juda noodatiy tutadi. Bir nechta kutilmagan qarorlar qabul qiladi.

Jumladan, 2018 yil 31 dekabrda AQSh BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘limi bo‘lgan YuNeSKO a’zoligidan chiqib ketadi. Bunga sabab tashkilot 2011 yilda Falastinni doimiy a’zo sifatida safiga qo‘shib olgani bo‘lgandi.

To‘g‘ri, YuNeSKO bilan mojaro Trampdan avval, Barak Obama davrida boshlangandi. Biroq Obama ma’muriyati tashkilotdan chiqib ketishga jur’at qila olmagandi. Tramp buni qildi.

Trampning yana bir ishi AQShning Isroildagi elchixonasini Tel-Aviv shahridan Quddusga ko‘chirish haqidagi qarori bo‘ldi.

Ma’lumki, Quddus shahri Isroilga tegishli bo‘lmagan va bu davlat uni bosib olgan. Tramp shuni bila turib elchixonani bosib olingan shaharga ko‘chirdi va bu ish xalqaro darajada qoralandi.

Tramp prezidentligi davrida Xitoy bilan ham aloqalarni juda yomonlashtirdi va bu davlat mahsulotlariga bosqichma bosqich salmoqli miqdorda bojlar joriy qildi.

Oqibatda Amerikada Xitoydan keladigan tovarlar narxi sezilarli oshdi. Buning tovonini esa oddiy amerikaliklar to‘ladi.

Mag‘lubiyat va jazava

2020 yilda AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Unda Tramp demokratlar vakili Jo Baydenga yutqazib qo‘ydi.

O‘shanda Tramp o‘z mag‘lubiyatini tan olmadi va tarafdorlarini Kapitoliyni egallab olishga chaqirdi. Bu ishi uchun unga impichment e’lon qilindi.

Shu tariqa Tramp AQSh prezidentlari orasida ikki marta impichment e’lon qilingan shaxsga aylandi. Birinchi impichment unga 2019 yilda e’lon qilingandi.

O‘sha ishi ortidan Trampga bir necha marta jinoyat ishlari ham qo‘zg‘atildi. Biroq har gal u «suvdan quruq chiqib ketishga» muvaffaq bo‘ldi.

Uch marta uylangan Tramp

Donald Trampning birinchi xotini Chexiyada tug‘ilgan va keyinchalik AQShga ko‘chib o‘tgan Ivana Zelnichkova bo‘lgan. Tramp unga 1977 yilda uylangan va 1992 yilgacha, 15 yil birga yashagan.

Tramp Ivanadan uch farzand ko‘rgan. Bular – 1977 yilda tug‘ilgan kichik Donald Tramp, 1981 yilda tug‘ilgan Ivanka Tramp va 1984 yilda tug‘ilgan Erik Tramp.

Tramp birinchi xotini Ivana Tramp bilan, 1980-yillar

Trampning ikkinchi xotini Marla Mayplz bo‘lgan. Tramp bu ayol bilan 1993 yildan 1999 yilgacha birga yashagan. Bu nikohdan 1993 yilda qizi Tiffani Tramp tug‘ilgan.

2005 yilda Tramp hozirgi xotini Melaniya Trampga uylangan. Melaniyaning kelib chiqishi Sloveniyadan va u fotomodel bo‘lgan. 2006 yilda bu ayoldan o‘g‘li Berron Tramp tug‘ilgan. Trampning o‘nta nabirasi bor.

Tramp hozirgi xotini Melaniya Tramp bilan

Tramp bilan sodir bo‘lgan mojarolar

Tramp doim mojarolar ichida yurgan va shu paytgacha unga nisbatan bir necha marta jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

U ko‘p marta shahvoniy zo‘ravonlik, moliyaviy qalloblik, saylovga xalaqit berish va maxfiy hujjatlar saqlash tartibini buzishda ayblangan.

Shahvoniy zo‘ravonliklar haqidagi ayblovlarning eng shov-shuvlisi 2023 yilda e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Tramp pornoaktrisa Stormi Deniyelsga jim yurishi uchun 130 ming dollar pora berganlikda ayblandi. 2024 yil may oyida Tramp bu ish bo‘yicha aybdor, deb topildi.

2016 yilda AQShdagi OAVda Trampning 2005 yildagi suhbati e’lon qilindi. O‘sha suhbatda Tramp o‘zining yulduz ekani, shu sababli ro‘parasidan chiqqan ayollarning intim joylariga teginishi bilan maqtangan.

Suhbat e’lon qilingandan so‘ng ko‘plab ayollar haqiqatan Tramp o‘zlari bilan shunday ish tutganini aytib, uni ayblab chiqishadi. Tramp esa bir necha marta o‘sha ishlari uchun videomurojaat ko‘rinishida uzr so‘rab chiqishga majbur bo‘ladi.

Jin Kerrol Trampni sudga berib, yutib chiqqandi

2019 yilda amerikalik yozuvchi ayol Jin Kerrol 1990-yillarda Tramp o‘zini zo‘rlagani haqida gapirib, prezidentni sudga beradi.

2023 yil may oyida sud Trampni Jinni zo‘rlaganlikda aybdor deb topadi va ayolga 2 mln dollar to‘lashi haqida hukm chiqaradi.

Tramp haqida qiziqarli ma’lumotlar

Tramp AQSh tarixida prezidentlik saylovida ikki marta ayol nomzodni yutib chiqqan shaxs hisoblanadi. 2016 yilda u Hillari Klintonni, 2024 yilda Kamala Harrisni ortda qoldirdi.

U AQSh eng keksa yoshda prezident bo‘lib saylangan shaxs hisoblanadi. 2024 yil 5 noyabr kuni Tramp 78 yosh 174 kunlik edi (U 1946 yil 14 iyun kuni tug‘ilgan).

Trampdan oldin bu rekord 77 yosh 348 kunligida prezidentlik saylovida g‘olib chiqqan Jo Baydenga tegishli edi.

Tramp uzoq yillardan buyon soch turmaklarini o‘zgartirmaydi

Tramp AQSh tarixida bir muddat oralatib ikki marta prezident bo‘lib saylangan ikkinchi shaxsga aylandi. U 2016 yilda g‘olib chiqadi. 2020 yilda mag‘lub bo‘lib, 2024 yilda yana g‘alaba qozondi.

Trampgacha bunday natijaga Demokratlar vakili Grover Klivlend erishgan. 1884 yilda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozongan Grover AQShning 22-prezidentiga aylanadi. 1888 yilda o‘tkazilgan saylovda u yutqazib qo‘yadi. 1892 yilda o‘tkazilgan navbatdagi saylovda Grover yana g‘alaba qozonadi va AQShning 44-prezidenti bo‘ladi.

Shu paytgacha u bir muddat oralatib ikki marta prezident bo‘lgan yagona shaxs hisoblanardi. Tramp shu natijani takrorlagan ikkinchi prezidentga aylandi. Endi Tramp AQShning 45- va 47-prezidenti hisoblanadi.

Tramp golf o‘yinini juda yoqtiradi va o‘zi ham bu sport turi bo‘yicha mahoratli o‘yinchi hisoblanadi. Tramp turli ko‘chmas mulklardan tashqari o‘n yettita golf maydoniga egalik qiladi. Ularning beshtasi xorijiy davlatlarda joylashgan.

Tramp o‘z faoliyati davomida biron marta ham soch turmagini o‘zgartirmagan.

U seriallarda va filmlarda ijro etgan rollari tufayli ikki marta «Emmi» mukofotiga nomzod bo‘lgan.

Tramp bir paytlar Vetnam urushiga bormaslik uchun ta’til olib, talabalik davrini uzaytirgan.

U chekmasligini va mast qiluvchi ichimliklar iste’mol qilmasligini, asosiy kamchiligi ayollarga o‘chligi ekanini aytgan.

Tramp egaligidagi kompaniyalar jami 6 marta o‘zini bankrot deb e’lon qilgan. Birinchisi 1991 yilda “Toj Mahal” savdo ko‘ngilochar majmuasi qurilishi bilan sodir bo‘lgan. So‘nggisi 2008 yilda yuz bergan.

Tramp har doim AQShda giyohvand moddalarning qonuniylashtirilishini yoqlagan. U bu haqda ilk bor 1990-yillarda gapirgan.

O‘shanda Chicago Tribune gazetasi Trampning «Agar giyohvand moddalarga qarshi urushda yengib chiqmoqchi bo‘lsangiz ularni qonuniylashtirishingiz kerak. Sizlar shu yo‘l bilan narkobaronlarni foydadan mahrum qilishingiz lozim», degan gaplarini keltirgan.

Tramp Hollivuddagi shon-shuhrat xiyobonida o‘zi sharafiga o‘rnatilgan yulduzcha oldida. Bu yulduzchani bir necha marta buzib ketishgan va u qayta to‘g‘irlangan.

Tramp o‘zining siyosiy qarashlarini o‘zgartirgan. U 1987 yildan 2009 yilgacha Damokratik partiyani qo‘llagan va shu partiyadan nomzodini qo‘ygan. 2012 yildan Respublikachilar tomoniga o‘tgan.

Hollivuddagi Shon-shuhrat xiyobonida Trampning ham yulduzi bor. U 2007 yilda Amerikada ommabop bo‘lgan realiti-shouga prodyuserlik qilgani uchun shu sharafga loyiq ko‘rilgan.

Tramp muvaffaqiyatli biznesmen bo‘lish bilan birga biznes sohasida beshta kitob yozgan. Uning qanday qilib biznesda muvaffaqiyatga erishish mumkinligi haqida yozgan kitoblari AQShda ancha mashhur hisoblanadi.

Trampning birinchi xotini Ivana vafot etganda u xarajatlardan qochish uchun ayolning jasadini o‘ziga tegishli golf maydoni chetiga ko‘mgan. O‘shanda Tramp soliqlardan qochish uchun golf maydonini qabriston sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida ham gap-so‘zlar tarqalgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: