Gvatemalada sobiq Bosh shtab boshlig‘i uchun qariyb 3 ming yil qamoq jazosi so‘raldi

Jahon 18:24 / 08.11.2024 1594

Gvatemala prokuraturasi fuqarolik urushi vaqtidagi qirg‘inlari uchun mamlakat Qurolli Kuchlari Bosh shtabining sobiq boshlig‘i general Benedikto Lukas Garsiyani 2860 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi, deb xabar beradi La Republica.

5 aprel kuni boshlangan yakuniy sud jarayonida prokuror Mersedes Morales suddan Garsiyani genotsid bo‘yicha aybdor deb topib, uni 30 yilga qamoqqa hukm etishni so‘ragan edi. Shuningdek, u generalni insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun yana 30 yilga hamda 70 kishining yo‘qolishiga aloqador bo‘lgani uchun 2800 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. Bu kabi jazo muddatlari so‘ralganiga qaramay, Gvatemala qonunlariga ko‘ra, mamlakat fuqarosi uzog‘i bilan faqat 50 yilga qamalishi mumkin.

«Ayblanuvchining maqsadi urush paytida [harbiylar] «ichki dushman» deb hisoblagan Mayya iksil xalqini yo‘q qilish bo‘lgani aniqlandi», — deydi prokuror armiya shtabining sobiq boshlig‘i haqida.

92 yoshli general akasi Romeo Lukas Garsiya prezident bo‘lgan davrda — 1978-1982 yillar davomida partizanlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblangan 1,2 mingdan ortiq tub aholining qirib yuborilishiga aloqadorlikda sudlanmoqda.

Yetti oydan beri davom etayotgan sud jarayonlarida harbiy hujjatlar, ekspertlarning sud-tibbiy xulosalari va omon qolganlarning ko‘rsatmalari ko‘rib chiqildi. Sud keyingi hafta hukm chiqarishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: