Germaniyada hukmron hukumat koalitsiyasi parchalanganidan keyin muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) raisi Fridrix Mers kansler Olaf Sholsga ishonch masalasini imkon qadar tezroq Bundestag ovoziga qo‘yishni talab qilmoqda. O‘z navbatida, Shols favqulodda telemurojaat bilan chiqib, kecha o‘zi aytgan muddatlarga rioya qilishni talab qilmoqda, deb xabar berdi dpa agentligi 7 noyabr, payshanba kuni Bundestagdagi XDI/XSI muxolifat fraksiyasidagi manbaga tayanib.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Shols va Mers o‘rtasidagi o‘sha kungi uchrashuv yarim soatdan kam davom etgan va natijasiz tugagan. XDI rahbari kanslerga yaqin haftalarda Bundestagdan o‘tmoqchi bo‘lgan qonun loyihalarini muhokama etishni taklif qildi, ammo yanvarda emas, balki yaqin kunlarda Bundestagda ishonch votumi masalasini ko‘tarish sharti bilan. Shols bu taklifni rad etdi, deb yozadi agentlik.
Mers: boshi berk ko‘chaga kirib qolgan vaziyatni oylab cho‘zib bo‘lmaydi
Qisqa uchrashuv chog‘ida ular «Olaf Shols Germaniyada yuzaga keltirgan siyosiy beqarorlikni» muhokama qilishdi, dedi dpa suhbatdoshi. Mers kanslerga XDI/XSI blokining vaziyatni bir necha oyga cho‘zish mumkin emasligi, Germaniyaga ichki va tashqi siyosatda harakat qila oladigan hukumat zarurligi haqidagi pozitsiyasini yetkazdi.
Avvalroq Mers 2025 yil yanvar oyining ikkinchi yarmida erta saylovlar o‘tkazish mumkin deb hisoblagandi, uning Bundestagdagi konservativ fraksiyasi esa bir ovozdan Sholsni hukumatga ishonch masalasini keyingi haftaning boshidan kechiktirmay ovozga qo‘yishga chaqirgan edi.
Hukmron koalitsiyani tark etgan Lindner tez saylovlar o‘tkazishga chaqirdi
Erkin demokratik partiya (EDP) raisi Kristian Lindner erta saylovlar o‘tkazishga chaqirmoqda. Kuni kecha Shols uni moliya vaziri lavozimidan bo‘shatdi, bu esa koalitsiyaning parchalanishiga sabab bo‘ldi. «Mamlakatimiz uchun to‘g‘ri bo‘lgan narsa darhol ishonch votumi va yangi saylovlar bo‘ladi», dedi u. Fuqarolarga «o‘z kelajagi bo‘yicha fundamental qarorlarni qabul qilish imkoniyati berilishi kerak», deya uning so‘zlarini keltiradi AFP.
Lindner Sholsning saylovlarni faqat mart oyida o‘tkazish rejasini davlat siyosati nuqtayi nazaridan «mas’uliyatsiz pozitsiya» deb atadi.
Germaniyada hukmron koalitsiya parchalandi
Germaniyada Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSPD), Erkin demokratik partiya (EDP) va «Ittifoq-90/«yashillar» partiyasidan tashkil topgan hukmron «svetofor koalitsiyasi» parchalandi. Germaniya kansleri Olaf Shols mart oyida muddatidan oldin saylov o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun 15 yanvar kuni Bundestagda o‘z hukumatiga ishonch masalasini ovozga qo‘yadi. Bu haqda 6 noyabr kuni kechqurun Shols ma’lum qildi.
Kansler vitse-kansler Robert Habekning Germaniyaning kelajakdagi siyosiy yo‘nalishiga tezkorlik bilan aniqlik kiritish zarur degan fikrga qo‘shilganini aytdi. Rojdestvoga qolgan haftalar ichida Shols Bundestagda tezkor qabul qilishni talab etuvchi, xususan, sanoatni favqulodda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, pensiyalarni barqarorlashtirish choralarini ko‘rishni talab qiladigan barcha qonun loyihalarini ovozga qo‘yish niyatida.