O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil armiyasi G‘azo shimolidagi uchta kasalxonaga zarba berdi. Hujumlarda «Kamol Advan» kasalxonasidagi bolalar yaralandi.
G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori Munir Abdulla al-Burshning ma’lum qilishicha, Isroil kuchlari «Kamol Advan», «Al-Auda» va Indoneziya shifoxonalarini o‘qqa tutgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida «Kamol Advan» kasalxonasidagi elektr generatorlari va suv idishlari zarar ko‘rgan va neonatal bo‘limdagi ba’zi bolalar jarohatlangan.
Al-Bursh, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi delegatsiyasi tashrifi chog‘ida shifoxonalar o‘qqa tutilganini ta’kidlab, Isroilning mintaqa sog‘liqni saqlash tizimiga putur yetkazishga urinishlariga e’tibor qaratdi.
«Kamol Advan» kasalxonasi bosh shifokori Hussam Abu Safiya yaralangan bolalardan birining ahvoli og‘ir ekanini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, shifoxonada 120 nafar bemor va yarador bor, ulardan 19 nafari bola va 4 nafari yangi tug‘ilgan chaqaloq.
O‘z navbatida, «Al-Auda» kasalxonasi rahbariyati 5 oktyabrdan beri shifoxonaga yoqilg‘i kelmayotgani, ta’minot kamayib borayotgani, tibbiy xizmat ko‘rsatishni davom ettirish uchun zudlik bilan dori-darmon, tibbiy buyumlar, qon, oziq-ovqat va suv zarurligini ta’kidlagan va JSST va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasini tibbiy materiallar va yoqilg‘i yetkazib berishda yordam berishga chaqirdi.
Isroil Livanga bosqinni kengaytirmoqchi
Isroil qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Hersi Halevi bu mamlakatda mojaroni tartibga solish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar davom ettirilayotganiga qaramay, harbiylar Livanga qarshi agressiya kengaytirilishiga tayyor turishlari kerakligini ta’kidlagan.
«Livanda kelishuvga erishishga doir diplomatik harakatlar bilan bir qatorda harbiy harakatlarni amalga oshirish, jumladan yer ustidan olib borilayotgan manyovrlarni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha rejalarni ishlab chiqishda davom etish kerak. Biz bu rejalarni zaruriyatga qarab faollashtirib boramiz», — deya Halevining bayonotini keltirmoqda TSAHAL matbuot xizmati.
Halevining qo‘shimcha qilishicha, armiya «Livanning janubida, Bekaa vodiysida, Bayrut va Suriya doxil butun mintaqadagi «Hizbulloh» nishonlariga rejaga asosan zarba berishda davom etishi kerak».
Alohida bayonot bilan Isroil armiyasi Bayrut ostonasidagi «Hizbulloh» nishonlariga bir qator zarbalar berilganini ma’lum qildi.
Sentyabr oyining oxirlaridan boshlab Isroil Livanda o‘zining havodan harbiy kampaniyasini faollashtirdi. TSAHALga ko‘ra, asosan «Hizbulloh»ning nishonlari yo‘q qilingan, bu esa G‘azoga bosqin uyushtirilganidan buyon sodir bo‘lib turgan Isroil va Livan guruhi o‘rtasidagi chegaraoldi to‘qnashuvlar yanada avj olishiga sabab bo‘ldi. Isroil 1 oktyabrdan buyon Livanning janubiga yer ustidan hujum uyushtirib, mojaroni yanada kengaytirdi.
Livan sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning oktyabridan buyon Isroil hujumlari tufayli 3 mingdan ziyod livanliklar halok bo‘lgan. Qariyb 13,5 ming kishi jarohatlangan.
Husiychilardan Trampga ogohlantirish
Yamanlik husiychilarning «Ansorulloh» harakati Newsweek nashriga bergan intervyusida AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Isroilning G‘azo sektorida davom etayotgan urushini jilovlab, Amerika iqtisodiyotiga kelgusidagi ziyonlarning oldini olishi mumkinligini ta’kidlagan.
Isroilning G‘azoga bostirib kirganidan so‘ng Qizil dengizda xalqaro kemachilikka qarshi misli ko‘rilmagan hujum boshlagan Yaman guruhi o‘z harakatlarining iqtisodiy oqibatlariga urg‘u bergan.
«Amerika G‘azodagi agressiyani qo‘llayotgani va Isroil manfaatini ko‘zlab Yamanga hujum uyushtirayotgani uchun iqtisodiy va harbiy tovon to‘lab kelmoqda», —degan «Ansorulloh» vakili va «Amerika fuqarolari o‘z ma’muriyatining Yamanga qarshi munosabati tufayli gardaniga yuqori narxlar og‘irligini olayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Husiychilar Trampning har qanday urushlarni to‘xtata olish va’dasiga nisbatan skeptik munosabatda bo‘lishgan.
«Savol ochiq qolmoqda: Tramp ham o‘sha siyosatni yuritadimi, Amerikaning Yamanga nisbatan agressiyasi davom etadimi? Agar javob «ha» bo‘lsa, Amerika iqtisodiyoti yanada kattaroq yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi», — degan manba.
Saylovdan so‘ng Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Tramp o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan va ular «Isroilning xavfsizligi uchun birgalikda ishlash»ga kelishib olishgan va «Eron tahdidi»ni muhokama qilishgan. Tramp o‘zining g‘alaba nutqida arab va musulmon saylovchilarning qo‘llovini urg‘ulab o‘tgan va «urushlarni boshlash emas, ularni tugatish» niyatida ekanini ta’kidlagan.
Erdo‘g‘anning Yevropa yetakchilariga murojaati
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining 5-sammitida ishtirok etdi. Erdo‘g‘an unda qit’ada xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf qilish uchun kuchlarni birlashtirish muhim ekaniga urg‘u berdi.
U Yevropa siyosiy hamjamiyatini «har kuni chuqurlashib borayotgan Ukrainadagi urushning salbiy oqibatlari» fonida umumiy tahdidlarni ochiq muhokama qilish uchun maydoncha deb atadi.
Turkiya yetakchisi keng ko‘lamli humanitar falokat palak yoyayotgan Yaqin Sharqdagi inqirozga alohida e’tibor qaratdi.
«O‘t ochish zudlik bilan to‘xtatilishi va uzluksiz insonparvarlik yordamlarini tashkillashtirish uchun barcha darajalarda Isroilga bosim o‘tkazish zarur», — dedi Erdo‘g‘an va dunyo Falastinni mustaqil davlat deya tan olishga muhtoj ekanini qo‘shimcha qildi.
Turkiya prezidenti shuningdek, Yevropadagi islomofobiya va irqchilik muammolariga e’tibor qaratib, bunday hodisalar «ijtimoiy birlik va barqarorlikka raxna solishi» hamda inson huquqlariga fundamental tahdid ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Turkiya prezidenti terrorizmga qarshi kurash «terrorchilik tashkilotlari o‘rtasidagi farqqa qaramasdan hamkorlik va birdamlikni talab etishi»ni aytib o‘tdi.
Erdo‘g‘an yana Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik masalasini yodga oldi va «Qit’aning ravnaq topishi va xavfsizligiga sezilarli hissa qo‘sha oladigan Turkiya kabi nomzod davlatning a’zoligi yillar osha bloklanib kelayotgani»ni ta’kidladi. So‘zi nihoyasida Erdo‘g‘an Turkiya Yevropa bilan mustahkam asosda muloqotga tayyor ekanligi, bu «Yevropaga ham, qo‘shni davlatlarga ham foyda keltirishi»ni aytdi.
Trampdan umid qilayotgan Gurjiston
Donald Trampning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Gurjistonning hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi va Gurjistondagi muxolif partiyalar uni tabriklashga shoshilgan. Birinchi bo‘lib bu ishni mamlakaning asosiy muxolif ovozi prezident Salome Zurabishvili qilgan.
U Trampni tabriklab, Gurjistonning yevroatlantika intilishlariga urg‘u bergan, AQShdan Gurjiston xavfsizligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.
Bosh vazir Irakliy Kobaxidze chetda qolmagan va Amerika-Gurjiston munosabatlarining jonlanishiga umid qilib, Trampning rahbarligida Ikki mamlakat munosabatlari yaxshilanishi borasida optimistik fikr bildirgan.
Bayden ma’muriyati bilan «Gurjiston orzusi»ning munosabatlari havas qilarli emasdi: ikki mamlakat aloqalari taranglashgan, ayniqsa demokrat Baydenning so‘nggi prezidentlik yilida. Sentyabrda AQSh Gurjistonga nisbatan sanksiyalar va 30 nafar gurjistonlik mansabdor shaxsga nisbatan viza cheklovlari joriy qildi. Bularning barchasiga Gurjistonda may oyida qabul qilingan «Chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi sabab bo‘ldi.
Kobaxidze Tramp manziliga yo‘llangan tabrik tvitida AQSh va Gurjiston o‘rtasidagi munosabatlar «qayta ishga tushirilishi»dan umid qilayotganini izhor etdi. Bu «Gurjiston orzusi»ning tobora oshib borayotgan g‘arbga qarshi ritorikasiga to‘g‘ri kelmaydi. Partiya borgan sari rossiyaparast qarashlarda ayblanmoqda, garchi Kobaxidze bir necha bor Tbilisi Moskva bilan diplomatik aloqalarni tiklash niyatida emasligini takrorlab kelayotgan bo‘lsa ham.
Ekspertlar Tramp davrida AQSh-Gurjiston munosabatlari o‘nglanishiga skeptik munosabatda bo‘lmoqda. Sobiq mudofaa vaziri Tina Xidashelining ta’kidlashicha, «Gurjiston orzusi»ning Xitoy bilan yaqin munosabatlari va aksildemokratik qonunlar Tramp ma’muriyati uchun «qizil chiziq» bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, respublikachi prezidentga Gurjiston mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lishi ham mumkin — uning qiladigan ishlar ro‘yxatida bundan muhimroq vazifalar bor. Bu Ukrainadagi urush, Yevropa va Xitoy bilan savdo urushlari, NATOni isloh qilish — bularning barchasi Trampning saylovoldi nutqlarida yangragan edi.