Fuji tog‘iga birinchi qor yog‘di - bu 130 yildan beri kuzatilgan eng kech sana

Jahon 18:38 2554

Yaponiyaning eng baland nuqtasi — 3776 metrli Fuji (Fudziyama) tog‘i cho‘qqisiga birinchi qor yog‘di, deb xabar beradi NBC News. Odatda ushbu tog‘ga qor oktyabr boshlarida yog‘ar edi, ammo bu safar 130 yildan beri ilk bor cho‘qqi oy oxiriga qadar qorsiz qoldi.

Sinoptik Yutaka Katsutaning ta’kidlashicha, 6 noyabr kuni yog‘gan qor 1894 yildan beri olib borilayotgan kuzatuvlar davomidagi eng kech sana hisoblanadi. Qorning kechikishiga yoz va sentabr issiq kelgani tufayli sovuq havo massasi tutib qolingani sabab bo‘lgan.

Yevropa kosmik agentligi hatto Fujining qor bilan qoplangan cho‘qqisining sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratini e’lon qildi.

Fujiga qor tushishining bundan oldingi eng kech sanasi 2016 yilda qayd etilgan — o‘sha yili 26 oktyabrda tog‘ cho‘qqisida qor ko‘ringan. O‘tgan yili esa birinchi qor 5 oktyabrda yog‘gan.

Balandligi 3776 metrni tashkil etadigan, Yaponiya madaniy va diniy hayotida alohida o‘ringa ega bo‘lgan Fuji tog‘i kunchiqar yurt ramzi sifatida tilga olinadi. Bu tog‘ YuNeSKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Sayyoradagi eng go‘zal vulqon tog‘laridan biri sanaluvchi, deyarli ideal konus shaklidagi Fudziyamada oxirgi marta bundan 300 yilcha oldin vulqon otilgan. Olimlar vulqon yaqin vaqt ichida uyg‘onmasligini ishonch bilan ta’kidlashadi. Fujiga har yili taxminan 200 ming nafar sayyoh keladi, ulardan 30 foizi – xorijliklardir.

Ko‘proq yangiliklar: