Finlandiya aeroportlari GPS tizimidagi uzilishlar tufayli 1960 yillardagi navigatsiyadan foydalanishga o‘tdi

Jahon 18:37 / 08.11.2024 1489

Sharqiy Finlandiyadagi uchta aeroport Rossiya GPS faoliyatiga xalaqit berayotgani bois samolyotlarni qo‘ndirishda eski radiolokatsion tizimlardan foydalanishga qaror qildi. Bu haqda havo bandargohlari vakillariga tayanib, Reuters xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan chegara yaqinida joylashgan Yoensuu va Savonlinnadagi ikkita aeroport sentabr oyida radionavigatsion tizimga o‘tgan, Lappeyenrantadagi bitta aeroport ham tez orada shu kabi tizimdan foydalanishni boshlaydi.

Finavia’ning xavfsizlik va infratuzilma bo‘yicha vitse-prezidenti Xenri Xanssoni so‘zlariga ko‘ra, endi havo bandargohlari 1960 yillarda ishlab chiqilgan DME radionavigatsion tizimlaridan foydalanadi.

«Oldingi infratuzilma tizimlaridan garchi foydalanib kelmagan bo‘lsak ham, ularning bir qismini saqlab qo‘yganmiz. Endi qayta ishga tushirish uchun ularni yangilashga muvaffaq bo‘ldik», — deydi Xansson.

Finlandiyadagi Traficom Transport va aloqa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda har kuni GPS faoliyatiga bog‘liq turli uzilishlar kuzatilmoqda. Shu bilan birga, sun’iy navigatsiya ishidagi muammolarga oid xabarlar asosan Finlandiya janubidan kelib tushmoqda.

Joriy yil bahorda Finnair GPS muammolari sabab Estoniyaning Tartu shahriga parvozlarni to‘xtatgan edi. Muntazam aviaqatnovlar Tartu aeroporti qo‘nishda sun’iy yo‘ldosh tizimi talab etilmaydigan yangi yechim o‘rnatganidan keyin qayta tiklandi.

Estoniya, Litva va Latviya Boltiq dengizi hududida GPS faoliyatidagi nosozliklarda Rossiyani ayblamoqda. Shuningdek, ular mintaqada aviatsiya halokatlari ortganidan ogohlantirgan. The Sun gazetasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yil avgustidan 2024 yil martiga qadar Sharqiy va Shimoliy Yevropada GPS-signallarni o‘chirish holatlari haftasiga 50 tadan 350 tagacha oshgan.

Ko‘proq yangiliklar: