Liverpuldagi (Buyuk Britaniya) chaqaloqlar va yosh bolalarga g‘amxo‘rlik qiluvchi hospis mahalliy hamjamiyat tomonidan bir oy ichida 6 million funt sterling to‘plangani sabab yopilmaydigan bo‘ldi, deb xabar beradi BBC.
Surunkali yoki hayotni cheklovchi kasalliklarga chalingan besh yoshgacha bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatuvchi Zoe’s Place yaqinda 2024 yil oxirida yopilishi e’lon qilgandi. Mazkur xayriya tashkiloti vasiylariga ko‘ra, Zoe’s Place fuqarolar va korxonalardan yetarlicha mablag‘ yiqqani sabab o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Qayd etilishicha, Liverpulda joylashgan TJ Morris Ltd riteyleri 2,5 million funt sterling xayriya qilgan bo‘lsa, Montirex sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi firma hamda Hot Water klubi yuz minglab funt to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
Liverpuldagi Zoe’s Place hospisi 1995 yilda ochilgan. Oktyabr oyida kompaniya o‘zlari faoliyat yuritayotgan bino sotilayotgani, yangi qurilgan binoga ko‘chish rejasi esa xarajatlar ortib ketgani sabab barbod bo‘lganini ma’lum qilgandi. Hospisning yopilishi oqibatida 41 nafar xodim ishsiz qolishi kutilayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida onkolog shifokor Yahyo Ziyayev Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent shahar hokimligiga murojaat bilan chiqqandi. O‘shanda shifokor Toshkentda qurib bitkazilishi 2019 yilga mo‘ljallangan hospis qurilishining hali ham tugamaganidan, shu sabab og‘ir holatdagi yoshi katta bemorlarning ahvolini yengillashtirish imkoni bo‘lmayotganidan norozilik bildirgan edi.