Britaniyada erkak gazli ichimliklarga qaramlikdan qutulish uchun gipnozdan foydalandi

Jahon 17:48 / 08.11.2024 1918

Buyuk Britaniyaning Marlou shahrida yashovchi erkak Dr Pepper gazli ichimligiga oyiga 250 funt sterling, o‘n yil davomida esa taxminan 30 ming funt sterling sarflagan, deb yozmoqda Daily Mail. Tom Boui ichimlikka bo‘lgan qaramlikdan qutulish uchun hatto gipnozga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Uning gazli ichimliklarga ishqibozligi tushlikda bir shisha ichishdan boshlangan.

“Keyinchalik, hamkasblarim bilan kun davomida uni sotib oladigan bo‘ldik. Gazli ichimliklarni ish joyim yonidagi qahvaxonadan olib kelishardi, u yerda ichimliklar avtomati ham bor, shuning uchun xohlagan paytimda ularni sotib olishim mumkin edi. Men hatto faqat gazli ichimlik ichaverib, suv ichishni to‘xtatganimni ham sezmay qoldim”, — deb eslaydi Tom Boui.

U gazli ichimliklarni quti-quti sotib olar va ularni zaxiraga g‘amlab qo‘yardi. Tom Boui semirib ketayotganini, qorni doim dam bo‘lib, tishlarida muammo paydo bo‘lganini payqadi. Erkak stomatologga murojaat qilganda, shifokor bemorning tish emalida yemirilish darajasi deyarli 70 yoshli odamnikidek ekanini qayd etdi.

Tom Boui farzandlarini o‘ylab, gazli ichimliklardan voz kechishga qaror qildi, chunki uning katta qizi ichimlik so‘rashni boshlagandi. Zararli odatini tark etgach, u vazn yo‘qotdi: hozir u gazli ichimliklarga qayrilib ham qaramaydi.

Avvalroq Harvard jamoat salomatligi maktabi olimlari gazlangan ichimliklarni iste’mol qilish bilan bog‘liq tadqiqot natijalarini e’lon qilgandi. Tadqiqot ishtirokchilarining 9252 nafari ayollar, 3519 nafari erkaklar edi. Tajribaning har bir ishtirokchisida ikkinchi turdagi qandli diabet aniqlangan: ba’zilarda tadqiqot boshida, qolganlarida tadqiqot davomida.

Ular har ikki yilda bir marta sun’iy shirinlashtirilgan ichimliklar, meva sharbati, qahva, choy va sigir sutini qanchalik tez-tez iste’mol qilgani to‘g‘risida hisobot berishlari lozim edi.

Aniqlanishicha, gazli ichimlik, meva sharbati va limonadni muntazam ravishda iste’mol qilganlarda qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ehtimoli ancha yuqori bo‘lgan. Kunlik qo‘shimcha porsiya iste’mol qilish o‘lim xavfini 8 foizga oshirgan. Kuniga bir porsiya gazlangan ichimlik o‘rniga bir finjon qahva ichish esa yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim xavfini 20 foizga kamaytirgan.

Shu bilan birga, qahva ham organizmga zarar yetkazishi mumkin. Kofein markaziy nerv sistemasiga ta’sir ko‘rsatadi, bu esa turli individual reaksiyalarni keltirib chiqaradi. U oshqozon devorlarini zararlashi, bezovtalik va asabiylikni kuchaytirishi, uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: