Xitoyda yangi oila qurish holatlari rekord darajada kamayib ketdi

Jahon 17:33 / 07.11.2024 2644

Xitoyda 2024 yilda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan yangi nikohlar soni ushbu hisobni yuritish boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkichga tushib ketadi. Hukumatning yangi nikohlarni rag‘batlantirish borasidagi keng ko‘lamli kampaniyasiga qaramay, mamlakatda demografik inqiroz kuchayib bormoqda, deb xabar beradi CNN.

Nikohlar va tug‘ilishlar sonining keskin tushib ketishi ayniqsa, Pekin uchun jiddiy muammo tug‘diradi. Chunki Xitoy poytaxti ishchi kuchining kamayib ketishi mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

Fuqarolik ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragida Xitoyda 4,74 million juftlik nikohdan o‘tgan, bu o‘tgan yilning mos davrida oila qurganlarga nisbatan 16,6 foizga kam.

Xitoyda 2013 yilda 13 milliondan ortiq yangi nikoh qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilgi ko‘rsatkichlar 1980 yildan beri yuritib kelinayotgan hisoblar orasida rekord darajada past ko‘rsatkichda bo‘lishi kutilmoqda.

Mamlakat aholisi ketma-ket ikki yildan beri qisqarmoqda, tug‘ilish darajasi o‘tgan yilda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan 1949 yildan beri eng past bo‘ldi. 2022 yilda Hindiston dunyoda eng ko‘p aholiga ega davlatga aylanib, Xitoydan o‘zib ketdi.

Yanvar oyida Reuters 2023 yil oxirida Xitoy aholisi 2,08 millionga qisqarib, 1,409 milliardga yetganini yozgandi. Bu mamlakat aholisi kamayib borayotgan ikkinchi yil, deb ta’kidladi agentlik. Bunga sabablar orasida “tug‘ilishning rekord darajada pasayishi” va “COVID-19 tufayli yuz bergan o‘limlar to‘lqini” ko‘rsatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: