Qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filippning to‘yidagi tort bo‘lagi kimoshdi savdosida sotildi

Jahon 11:14 / 07.11.2024 23549

Qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filippning to‘yida tortilgan mevali tort bo‘lagi Angliyadagi Reeman Dansie kimoshdi savdosida 2,2 ming funt sterlingga (qariyb 2,9 ming dollarga) sotildi.

1947 yildan buyon saqlanib kelinayotgan shirinlikni xitoylik kolleksioner sotib oldi. U 10x7,6 santimetr o‘lchamli tort bo‘lagi bilan birga Yelizavetaning xati ilova qilingan original sovg‘a qutisiga ham ega bo‘ldi. 

Ushbu tort bo‘lagi bundan 77 yil oldin Edinburgdagi Holirud saroyi xizmatchilari boshqaruvchisi Marion Polsonga minnatdorchilik ramzi sifatida yuborilgan: u yosh kelin-kuyovga “ajoyib” shirinlik servizini sovg‘a qilgandi. Ayol tort bo‘lagini o‘z karavoti ostidagi chamadonda, shaxsiy buyumlari orasida saqlagan. U 1980 yillarda vafot etgan. Yaqinda uning qarindoshlari shirinlikni topib oldi.

Reeman Dansie eksperti Jyeyms Grinter to‘y tortining butun holatini fotosuratlarda ko‘rganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tort “juda katta, yarim xonani egallardi”. Grinter mevali tort bo‘lagi qorong‘ida turgani, unga alkogol shimdirilgani sabab juda yaxshi holatda saqlanganini ta’kidladi.

To‘y tortini yaratish ustida bosh qandolatchilar McVitie & Price ishlagan. To‘rt qavatli tortning balandligi qariyb 3 metr va og‘irligi 226,7 kilogramm edi. Shahzoda Filipp uni qilich bilan 2 ming bo‘lakka bo‘lgan — ular marosim mehmonlariga tarqatilgan, shuningdek, tashakkurnomalar bilan birga butun dunyoga jo‘natilgan.

Ko‘proq yangiliklar: