Spectrum of the Seas kruiz layneri Yaponiyaning Yokogama portida buzilib qoldi. Layner Shanxaydan Yaponiyaga yetti kunlik kruizni amalga oshirib, 7 noyabr kuni yana ortga qaytib ketishi kerak edi.
Yo‘lovchilardan biri Reddit ijtimoiy tarmog‘iga texnik nosozlik sabab kema Yokogama portidan chiqa olmaganini va safar ikki kunga ushlanib qolinishini yozib qoldirdi. «RBK» nashriga ko‘ra, layner bortida 500-600 nafarga yaqin rossiyaliklar ham bor.
Royal Caribbean International kompaniyasi yo‘lovchilarga kruiz uchun to‘langan mablag‘larni 100 foiz qaytarishga, shuningdek, yil davomida keyingi sayohatlar uchun 50 foiz chegirma taqdim etishga va’da berdi. Telegramʼdagi Shot kanalining yozishicha, kema bortidagi barcha alkogol mahsulotlari bepul qilingan.
CrusieMapper servisi ma’lumotlariga ko‘ra, kruiz layneri ayni vaqtda ham Yokogama portida qolmoqda, kema 9 noyabr kuni Shanxayga yetib kelishi qayd etilgan.
Spectrum of the Seas — Osiyodagi eng yirik kruiz layneri. U 4,9 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.