O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
2023 yilning 8 oktyabridan buyon Isroil G‘azoga 85 ming tonnadan ziyod portlovchi moddalar yog‘dirgani iddao qilinmoqda.
Bir yildan ziyod vaqt mobaynida Isroil bombardimonlari ostidan amallab kun kechirayotgan G‘azo sektoridagi ekologik falokat haqida Falastin atrof-muhit boshqarmasi ayrim ma’lumotlarni taqdim etdi.
85 ming tonna portlovchi moddalar yog‘dirilgani sabab, G‘azoda qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘liq yo‘q qilingan, 40 mingdan ziyod inson qurbon bo‘lgan, yana minglab insonlar bedarak yo‘qolgan, deyiladi xabarda.
G‘azoga yog‘dirilgan bombalar «Ikkinchi jahon urushi davridagi bombalardan ham kuchliroq» ekani qayd etilmoqda.
«Isroilning doimiy bombalashlari qishloq xo‘jaligi ekinlarining katta maydonlari yo‘q bo‘lishiga, tuproqning esa zaharli kimyoviy moddalarga to‘yinishiga va endi o‘nlab yillar davomida yaroqsiz ahvolga tushib qolishiga sabab bo‘ldi», deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, boshqarma Isroil G‘azoda insonlar va barcha tirik organizmlar uchun xavfli bo‘lgan fosforli bombalardan foydalanganiga e’tibor qaratgan. Yerosti sizot suvlariga singib kirgan kimyoviy moddalar endi o‘nlab yillar davomida G‘azo sektoridagi hayotga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
Boshqarma bu hujumlarni to‘xtatish va batamom atrof muhit zaharlanishining oldini uchun BMT va jahon hamjamiyatini tezkor choralar ko‘rishga va xalqaro qonunlarga rioya qilinishini ta’minlashga chorladi.
Isroilning Livanga hujumi
Internetda Isroil harbiylari Livanning janubidagi Mays-ud-Jabal aholi punktida bir vaqtning o‘zida ko‘plab uylarni portlatayotgani tasvirlari paydo bo‘ldi.
Yahudiy askarlarning o‘zi suratga olgani gumon qilinayotgan videoda portlashlardan xursand bo‘lgan harbiylarning qiyqiriqlari eshitilib turibdi va aholi yashash punktini portlashdan chang va tutun qoplab olayotgani tasvirlangan.
G‘azo sektoridagi shaharlar vayron qilingach, falastinliklarning qoniga to‘ymagan Isroil Livanga hujum qilishda hamda mamlakat janubida o‘zining qo‘poruvchilik harakatini davom ettirmoqda.
Yer ustidan qilingan hujum natijasida Isroil armiyasi Livan janubidagi 37 aholi punktini va u yerdagi 40 mingdan ortiq uylarni to‘liq yakson qildi, deb xabar beradi mahalliy media.
Livanga hujum boshlanganidan buyon qurbon bo‘lganlar soni 3 mingdan, yaradorlar soni esa 12 mingdan oshgan.
Tramp urushni to‘xtatoladimi?
AQShning 47-prezidentiga aylangan, bir so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan, radikal, mojarolarga boy Donald Tramp urushlarni to‘xtata oladimi yoki sayyoramizga battar o‘t qo‘yib yuboradimi?
Garchi Tramp saylovoldi kampaniyasida Ukrainadagi urushni bir kunda to‘xtata olishi va Yaqin Sharqdagi to‘qnashuvlarni bas qilishini gapirgan bo‘lsa-da, bu bayonotlar eng avvalo bu tinchlikdan manfaatdor tomonlar uchun mutlaqo teskari ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Tramp ochiqchasiga isroilparast pozitsiyani egallagan. Uning avvalgi prezidentligi davrida AQSh okkupatsiya qilingan Quddus shahrini Isroilning bo‘linmas poytaxti deb tan olgan. Uning kuyovi Jared Kushner me’mori bo‘lgan Avraam kelishuvlari esa bugun Falastinda yuz berayotgan harbiy jinoyatlar va genotsid uchun Isroilning mutlaqo jazosizligini boshlab bergan edi.
AQShda saylov bo‘layotgan chog‘da ham Isroil G‘azoda falastinliklarni qirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Isroil armiyasi G‘azodagi Jabaliya shahri, At-Tuffah, Az-Zarka tumanlariga zarba berdi va 11 kishini o‘ldirdi.
7 oktyabrdan buyon o‘ldirilgan falastinliklar soni 43 mingga yetdi. Eksklav esa tobora yashash uchun yaroqsiz holatga keltirilmoqda.
«Trampning g‘alabasi — Isroilning g‘alabasi»mi?
Isroilning ultrao‘ng millatchi milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir Trampning g‘alabasi Isroil uchun falastinliklar bilan urushda «to‘liq g‘alaba»ni ta’minlashini ta’kidlagan.
«Suverenitet fursati yetdi. To‘liq g‘alaba qozonish vaqti keldi», — degan ultrao‘ng vazir Falastin davlati joylashgan O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilini to‘liq anneksiya qilishni nazarda tutib.
Milliy xavfsizlik vaziri shuningdek hibsga olingan falastinliklar uchun o‘lim jazosini joriy qilishga chaqirdi. Ben Gvir AQShning eski-yangi prezidenti bu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlashidan umidvor ekanini bildirdi.
«O‘lim jazosi va boshqa har qanday qonunlarni qabul qilishning vaqti keldi va AQSh prezidenti bunda bizni qo‘llashiga shubha qilmayman», — degan u Knessetda chiqish qilib.
Trampning g‘alabasini Isroil hukumatining yangi bir ultrao‘ng millatchi vakili — Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich ham olqishlagan. Siyosatchi saylov natijalarini X ijtimoiy tarmog‘ida qisqacha sharhlagan: «Xudo Isroilning ishlarini o‘ngla. Xudo, Amerikani qo‘lla» deb.
Zelenskiydan Trampga xushomad
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Trampni prezidentlik saylovidagi «yorqin» g‘alabasi bilan tabrikladi va Tramning mojarolarni hal qilishga yondashuvini qo‘llashini ma’lum qildi.
«Men prezident Trampning dunyo ishlarida «kuch orqali tinchlik» yondashuviga sodiq ekanini qadrlayman. Bu Ukrainada amalda adolatli tinchlik o‘rnatilishini yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan prinsipning aynan o‘zginasi. Ishonamanki, birgalikda biz buni ro‘yobga chiqaramiz», — degan Zelenskiy.
«Ukraina Yevropadagi eng kuchli harbiylashgan davlat sifatida Yevropada va Transatlantika hamjamiyatida ittifoqchilarimiz bilan birgalikda uzoq muddatli tinchlik va havfsizlikni ta’minlashga intiladi», — degan Ukraina yetakchisi.
Bu orada saylangani aniq bo‘lgan Donald Tramp o‘z tarafdorlariga jahondagi urushlarni tugatishga va’da bergan: «Raqiblarimiz meni urushlarni boshlaydi, deyishdi. Men urush boshlamoqchi emasman, urushlarni tugataman», degan Tramp.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin Trampni tabriklashni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.
«Men prezidentning Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklash rejasi bor-yo‘qligidan bexabarman. Keling, unutmaylik, gap bizning davlatimizga qarshi urushga bevosita va bilvosita jalb qilingan nodo‘stona davlat haqida bormoqda», — degan Peskov.
Turkiy davlatlarning yangi bayrog‘i
Qirg‘iziston poytaxtida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammitida tashkilotning yangi bayrog‘i qabul qilindi.
Bu orada Qirg‘iziston bayrog‘idagi quyosh tasviri almashtirildi. Aynan o‘sha quyosh tasviri tashkilotning bayrog‘idan ham o‘rin olgan edi. Yangi bayroq turk o‘zligi va birligining asosiy ramzlarini jam qilgan. Qozog‘iston bayrog‘ining moviy rangidan andoza olingan oldingi bayroqdan farqli o‘laroq yangi bayroqda barcha simvollar ulkan sakkizburchak yulduz ichiga joylashtirildi. Quyosh nurlari ham Qirg‘izistonning yangi bayrog‘idan andoza olindi.
Sammitga oid boshqa yangiliklar. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiy davlat yetakchilariga esdalik tangasini sovg‘a qildi.
Tanga liderlar Sadir Japarov, Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Ilhom Aliyev, Sardor Berdimuhammedov, Shavkat Mirziyoyev, Viktor Orban, Ersin Tatarga shuningdek, tashkilot bosh kotibi Qubanchbek O‘muraliyev, hamda tashkilotning oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimga berildi.
Tanganing bir tarafida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning bayroqlari tasviri va turkiy faylasuf Ismoil G‘aspiralining «Birlik tilda, fikrda va ishda» degan so‘zlari tushirilgan. Orqa tomonida tashkilotning bayrog‘i va unga asos solingan sana — 2009 yilning 3 sentabri tasvirlangan.
Sammitda Turkiy davlatlar tashkilotining Markaziy banklari kengashi tuzilgani ham e’lon qilindi. Kengashning tuzilishi tashkilotga a’zo davlatlarning markaziy banklari orasida samarali hamkorlik qilishga yo‘naltirilgan.
Germaniyada koalitsiya parchalandi
Germaniya kansleri Olaf Shols moliya vaziri, Erkin demokratik partiya yetakchisi Kristian Lindnerni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi. Bu hukmron koalitsiya parchalanganini bildiradi. Endi Shols 15 yanvar kuni martda muddatidan avval saylov o‘tkazish uchun Bundestagda o‘z hukumatiga ishonch masalasini ovozga qo‘yadi.
Germaniyada Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi, Erkin demokratik partiya va «Ittifoq-90/«yashillar» partiyasidan tashkil topgan hukmron «svetofor koalitsiya» parchalandi.
Koalitsiya bo‘yicha hamkorlar uzoq vaqtdan beri iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy siyosat masalalarida ziddiyatlarga borishgan, shu sabab ular 2025 yilgi budjet bo‘yicha kelisha olmadilar.
Kristian Lindnerning Germaniyaning iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy siyosatini tubdan o‘zgartirish talabi bilan kansler Sholsga yo‘llagan maktubi oshkor bo‘lgach, ular o‘rtasidagi mojaro yangi kuch bilan avj oldi. Bu xabar SDP va «yashillar» tomonidan keskin tanqidga uchradi. Ular erkin demokratlarni muammolarga yechim topish uchun birgalikda ishlashni istamaslik va koalitsiyani buzish uchun sabab topishga harakat qilishda aybladilar.