Kanada TikTokʼdan mamlakatdagi bo‘linmasini yopishni talab qildi

Jahon 23:31 / 07.11.2024 1505

Kanada TikTok videoservisidan milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan mamlakatdagi TikTok Technology Canada Inc bo‘linmasi faoliyatini to‘xtatishni talab qildi. Shu bilan birga Kanada hukumati TikTok ilovasi ishini bloklash niyatida emas: undan foydalanish bo‘yicha qarorni foydalanuvchilarning o‘zlari qabul qilishi kerak.

Kanada innovatsiya, ilm-fan va sanoat vaziri Fransua-Filipp Shampanning ma’lum qilishicha, TikTok faoliyatini to‘xtatishni talab qilish mamlakatning milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan xorij kompaniyasini tekshirishga ruxsat beradigan investitsiya qonuniga mos keladi. TikTok mazkur qaror ustidan sudga shikoyat qilishini bildirdi.

Dunyoning ko‘plab davlatlari kabi Kanadada ham davlat muassasalariga tegishli gadjetlarda TikTokʼdan foydalanish taqiqlanadi. AQSh, Kanada va boshqa g‘arb davlatlarining servis borasidagi xavotiri uning Xitoyni ByteDance kompaniyasiga tegishli ekani bilan bog‘liq. Ayrim maxsus xizmatlarning fikricha, servis o‘z foydalanuvchilari ortidan josuslik qilishi mumkin. Aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden ByteDance mamlakat hududidagi biznesini 270 kun ichida, ya’ni 2025 yil 19 yanvarga qadar sotmasa TikTokʼni bloklashga oid qonunni imzolagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Yevropakomissiya TikTok platformasiga raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi Yevropa qonunchiligini buzayotgan TikTok Lite ilovasidagi rag‘batlantirish dasturini olib tashlash majburiyatini yuklagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: