Google Maps xaritalari yangilanganidan keyin Ukrainadagi harbiy obektlarning sun’iy yo‘ldosh tasvirlari oshkor bo‘lib qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko hozirda Google Maps servisidan harbiy obektlar tasvirlari olib tashlaganini ma’lum qildi.
«Google xaritalar bilan bog‘liq vaziyatni tuzatdi. Harbiy obektlar va tizimlar endi ko‘rinmaydi. Keyinchalik ham barchasi yaxshi bo‘ladi», — deydi Kovalenko.
Avvalroq Kovalenko Google vakillari bilan uchrashish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. «Ularga Ukraina harbiy tizimlari va obektlari tasvirlarini, ular bir yil oldingi bo‘lishiga qaramay, xaritaga joylashtirish mumkin emasligini tushuntirmoqchiman», — degan edi u. Kovalenko korporatsiya vakillari bilan uchrashgan yoki uchrashmaganiga oydinlik kiritmagan.
3 noyabr kuni Google tasodifan Ukrainadagi harbiy obektlarning xaritalarini oshkor qilib qo‘ydi. Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya nashrlari allaqachon bu suratlarni «faol tarqata boshlagan». Xususan, Z-kanallar Google Maps ilovasidan Ukraina harbiy inshootlari xaritalari skrinshotlarini chop etgan.
Kartografik servislar, jumladan, Google Maps turli davlatlarning harbiy obektlarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarini xiralashtirib ko‘rsatadi. «Mediazona»ning yozishicha, «Yandeks.Xaritalar» ham Rossiyadagi harbiy aerodromlarning sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini xiralashtirishni boshlagan.