6 noyabr faqat Donald Tramp uchun quvonchli kun bo‘lmadi. Bloomberg xabariga ko‘ra, dunyodagi eng badavlat 10 kishining boyligi ham rekord darajada o‘sdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Trampning qayta saylanishi uning eng ochiq va sodiq tarafdorlaridan biri bo‘lgan Ilon Mask boyligini 26,5 milliard dollarga ko‘paytirdi. Endi tadbirkorning davlati 290 milliard dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, Amazon asoschisi Jyeff Bezos o‘ziga tegishli bo‘lgan Washington Post gazetasi an’anaviy tarzda demokratlar vakili Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilmasligini aytganidan keyin, bir hafta ichida 7,1 milliard dollarga boyidi.
Oracle asoschisi, Trampning yana bir tarafdori Larri Ellison 6 noyabr kuni boyligi 5,5 milliard dollarga oshganini ko‘rdi.
Boshqa «baxtiyorlar» orasida Microsoft sobiq rahbarlari Bill Geyts va Stiv Balmer, Google sobiq rahbarlari Larri Peyj va Sergey Brin hamda Berkshire Hathaway bosh direktori Uorren Baffet ham bor. Bu milliarderlarning hech biri bu yil biror nomzodni qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa-da, ular o‘tmishda demokratlar foydasiga gapirgan.
Umumiy hisobda eng badavlat 10 kishining umumiy boyligi 64 milliard dollarga ko‘paydi.
Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, 5 noyabr kuni saylovning tezda yakunlangani va Trampning g‘alabasi bo‘yicha prognozlar qimmatli qog‘ozlar bozorini tezda o‘stirdi. Respublikachilar vakili saylovoldi kampaniyasida deregulyatsiya bilan bog‘liq siyosatni va biznesni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa qonunlarni va’da qilgani bois, investorlar buni qimmatli qog‘ozlar bozoriga foyda keltirishi mumkinligini his qildi.