Buyuk Britaniya yollanma guruhlar va Skripalni zaharlaganlarga qarshi sanksiyalar qo‘lladi

Jahon 22:14 / 07.11.2024 1760

Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi oxirgi 1,5 yil ichidagi eng katta sanksiyalar paketini e’lon qildi. 56 nafar jismoniy va yuridik shaxsni qamrab olgan yangi choralar Ukrainaga qarshi urush olib borishda kerak bo‘ladigan uskunalarning yetkazib berilishini to‘xtatishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, «qora ro‘yxat»dan Ukraina va Afrika davlatlarida jang qilayotgan turli qurolli tuzilmalar o‘rin olgan. Ular orasida — futbol ishqibozlaridan yig‘ilgan «Espanola» ko‘ngilli neonatsistlar bataloni va uning komandiri Mixail Turkanov ham bor. «Vagner» XHKning Markaziy Afrika Respublikasida faoliyat yuritayotgan yollanma jangchilari — Yevgeniy Xodotov, Yevgeniy Kopot va Aleksandr Kuzin ham sanksiyalarga kiritildi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan Afrikada operatsiyalar o‘tkazish uchun tuzilgan «Afrika korpusi»ga qarshi sanksiyalar qo‘llagan birinchi davlatga aylandi. 2014 yilda Chexiya harbiy omborlarida yuz bergan portlashlarni tashkillashtirishda gumonlangan «GRU» general-mayori Andrey Averyanovga nisbatan ham cheklovlar qo‘llandi. Qayd etilishicha, u «Vagner» va «Afrika korpusi» komandiri sifatida Liviyaning barqarorligi hamda xavfsizligiga tahdid qilgan holda faoliyat yuritgan.

Shu bilan birga, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Osetiyaning sobiq prezidenti Anatoliy Bibilov ham «qora ro‘yxat»ga kiritildi. Ta’kidlanishicha, u Ukrainaning hududiy yaxlitligiga putur yetkazish va beqarorlashtirishda ishtirok etgan.

Shuningdek, «GRU» sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlashga aloqador Razvedka bosh boshqarmasining ofitseri Denis Sergeyev sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Britaniya hukumatiga ko‘ra, u 2018 yil 4 mart kuni Solsberida «Novichok» kimyoviy qurolini qo‘llashda ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 4 mart kuni Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripal Solsberidagi xiyobonda behush holda topilgandi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, ular insonni falajlashtiruvchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangan. Britaniya bu ishda Rossiyani ayblaydi. Ayblovga ko‘ra, jinoyatni aslida GRU razvedkachilari qilgan, lekin Britaniya hududiga Aleksandr Petrov (aslida ofitser Aleksandr Mishkin) va Ruslan Bashirov (aslida polkovnik Anatoliy Chepiga) ismi bilan kirgan odamlar sodir etgan.

Bundan tashqari, Xitoy, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlaridagi 28 ta firmaga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llandi. Ular Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga stanoklar, mikroelementlar, dronlar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishda ayblangan.

Ko‘proq yangiliklar: