AQShdagi tadqiqot markazidan 40 ga yaqin maymun qochib ketdi

Jahon 23:52 / 07.11.2024 3936

AQShning Janubiy Karolina shtati politsiyasi Yyemassi shahridagi tadqiqot markazidan qochib ketgan 40 ga yaqin maymunni qidirmoqda, deb xabar beradi NBC News telekanali.

«Aholiga ushbu hayvonlar uyga kirib olmasligi uchun o‘z eshik va derazalarini yopib qo‘yish tavsiya qilinadi», — deyiladi Yyemassi politsiya departamenti xabarida.

Shahar aholisidan mazkur jonzotlar bilan aloqaga kirishmaslik, maymunlarga duch kelingan taqdirda 911 ga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralmoqda. Shahar bo‘ylab tuzoqlar o‘rnatilgan, huquq-tartibot xodimlari videokuzatuv kameralar orqali ularni tutishga urinyapti.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, maymunlar Alpha Genesis markazidan qochib ketgan. Kompaniya maymunlarga bog‘liq biologik tadqiqotlar sohasida mahsulot va xizmatlar taqdim etish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya asosan makaka va kaputsinlar bilan ishlaydi.

Primatlar aynan qanday tadqiqot va testlarda ishtirok etgani noma’lum. Alpha Genesis Janubiy Karolina sohili yaqinidagi Morgan orolida 3,5 mingga yaqin maymunga egalik qiladi.

NBC’ga ko‘ra, mazkur hududda maymunlarning qochib ketishiga bog‘liq bir nechta holat sodir bo‘lgan, xususan, 2024 yilning may oyida ham. 2016 yilda esa 19 ta maymun Alpha Genesis’dan qochib ketgan va ular olti soat davomida ushlangan edi.

Maymunlar, AQSh

Ko‘proq yangiliklar: