Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qayd qilinishicha, kanallarda yiliga 13 milliard kub metr suv yo‘qotilayapti. Bu Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga teng. Shu sababli kelgusi yilda betonlashga 800 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Mas’ul idoralarga 66 ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirildi.
Umuman, hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1 aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilar har bir kanalga ajratilayotgan har bir so‘mni maqsadli, tejamkorlik bilan to‘g‘ri ishlatish zarurligi haqida ogohlantirildi.
Har bir kanalga Irrigatsiya universiteti, Suv muammolari ilmiy instituti, 9 ta texnikumni “dual ta’lim” asosida biriktirish muhimligi ta’kidlandi. Ular loyihadan betonlash tugaguncha bo‘lgan barcha jarayonlarni ilmiy yondashuv asosida kuzatib, tavsiya va xulosasini beradi.
Kanallarni betonlash hisobiga suv oqimi tezlashadi. Bu – kichik GESlar qurib, elektr olish uchun katta imkoniyat. Masalan, Navoiy viloyati kanallarida 11 megavattli 148 ta mikro GES qurish boshlandi. Bunda mahalliy komponent yuqori bo‘lgan, Navoiyni o‘zida ishlab chiqarilayotgan uskunalardan foydalanilmoqda.
Umuman, respublikada 2 mingta mana shunday mikro GES qurib, yiliga qo‘shimcha 600 million kilovatt elektr olish mumkinligi ta’kidlandi.
Viloyat hokimlari oldiga Navoiy misolida o‘z hududlarining sanoat salohiyatini ishga solib, mahalliy komponenti yuqori bo‘lgan shunday mikro GESlarni loyihalashtirish va barpo etish vazifasi qo‘yildi.