2024 yil eng issiq kalendar yiliga aylanishi kutilmoqda. Joriy yilda o‘rtacha global harorat 1850-1900 yillardagi sanoat davrigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan 1,5 daraja Tselsiyga oshishi mumkin. Bu haqda Yevropadagi Copernicus iqlim o‘zgarishi xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda o‘rtacha global harorat sanoat davrigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan 1,48 darajaga ko‘tarilgan.
Ekspertlarning aytishicha, 2024 yilning oktyabri kuzatuvlar tarixidagi eng iliq oktyabr oyi bo‘ladi (2023 yildan keyin). O‘tgan yili havoning o‘rtacha global harorati 15,25 darajani tashkil etgan. Bu 1991-2020 yillardagi oktyabr oylariga qaraganda 0,8 darajaga yuqori.
BBC’ning qayd etishicha, haroratning ko‘tarilishiga inson faoliyati natijasida yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishi, shuningdek, El-Nino kabi iqlim fenomenlari ta’sir ko‘rsatmoqda.
Dunyo davlatlari tomonidan 2015 yilda qabul qilingan Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvida o‘rtacha global haroratning 1,5 daraja Tselsiydan oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik belgilangan.
Avvalroq oktyabr oyi meteorologik kuzatuvning barcha yillari uchun eng yomg‘irli bo‘lganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatining qator tumanlarida va Qizilqum cho‘lining g‘arbiy qismidagi ba’zi joylarda yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kuzatilgan.