2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil armiyasi G‘azo sektoriga 85 ming tonnadan ortiq portlovchi moddani tashladi.
Atrof-muhit sifati bo‘yicha Falastin boshqarmasi urush va qurolli mojarolarda atrof-muhitdan foydalanishning oldini olish xalqaro kuni munosabati bilan bir yildan ortiq vaqtdan beri Isroil tomonidan bombardimon qilinayotgan G‘azo sektoridagi ekologik ofat haqida ma’lumot berdi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 6 noyabr ushbu xalqaro kun sifatida e’lon qilingan.
Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan beri 85 ming tonnadan ortiq portlovchi moddalarni tashlagan G‘azo sektorida qishloq xo‘jaligi yerlari butunlay vayron bo‘lgan va 40 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, deyiladi xabarda.
Boshqarmaning ta’kidlashicha, G‘azo sektoriga tashlangan bombalar «Ikkinchi jahon urushi davrida qo‘llangan bombalardan ancha kuchliroq».
«Isroilning tinimsiz bombardimon qilishi qishloq xo‘jaligi yerlarining katta maydonlarini vayron qildi, yer zaharli kimyoviy moddalar bilan ifloslangan, u o‘nlab yillar davomida ekin ekishga yaroqsiz holga kelgan», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, boshqarma Isroil G‘azo sektorida inson hayoti va barcha tirik organizmlar uchun xavf tug‘diruvchi fosfor bombalarini qo‘llaganiga e’tibor qaratdi. Bomba portlashi natijasida yerosti suvlariga tushgan kimyoviy moddalar G‘azo sektoridagi hayotga o‘nlab yillar davomida salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deyiladi hisobotda.
Falastin boshqarmasi BMT va xalqaro hamjamiyatni Isroil hujumlarini to‘xtatish, atrof-muhitdan harbiy maqsadlarda foydalanishning oldini olish va xalqaro qonunlarga rioya etilishini ta’minlash uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.