YeIdagi yonuvchi posilkalar: Litvada gumondorlar ushlandi

Jahon 10:19 / 06.11.2024 1117

Litvada Yevropa Ittifoqidagi pochta logistika markazlarida posilka yong‘inlari bilan bog‘liq ish yuzasidan bir necha kishi qo‘lga olindi. Vilnyus prokuraturasining 5 noyabr, seshanba kuni xabar berishicha, gumonlanuvchilar Litvadan boshqa G‘arb davlatlariga yonuvchi posilkalarni jo‘natishga aloqador deb hisoblanyapti.

Litva prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Kyastutis Budrisning fikricha, voqealar ortida Rossiya harbiy razvedkasi – Rossiya Federatsiyasi Bosh shtabining Bosh boshqarmasi turibdi. «Biz (yomon niyatli operatsiyalar) manbasini zararsizlantirishimiz va uni yo‘q qilishimiz kerak. Va biz bu operatsiyalar ortida kim turganini bilamiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi dpa agentligi.

O‘z navbatida, Litva bosh prokurori Nida Gruskiyene Vilnyusda jurnalistlar bilan suhbatda tergov qizg‘in olib borilayotgani va unda boshqa davlatlar ham ishtirok etayotganini ta’kidladi. U qo‘shimcha ma’lumot bermadi.

Britaniya va Germaniyada posilkaning yonishi

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 22 iyul kuni Britaniyaning Birminhem shahri yaqinidagi DHL logistika markazida posilka yonib ketishi bilan bog‘liq hodisa yuz bergan. Shundan so‘ng o‘t o‘chirish xizmatlari hech qanday jabrlanuvchilarsiz olovni o‘chirishga muvaffaq bo‘ldi. Buyuk Britaniyada tergov boshlandi.

Shunga o‘xshash hodisa iyul oyida Germaniyada ham sodir bo‘lgan edi. Tergovga rahbarlik qilayotgan federal prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, posilka Leypsig aeroportidagi DHL yuk markazida yonib ketgan. Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi rahbari Tomas Haldenvang o‘shanda ta’kidlaganidek, samolyot bortidagi yong‘in uning halokatiga olib kelishi mumkin edi.

Rossiyaga qarshi ayblovlar

4 noyabr kuni The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi g‘arb maxsus idoralaridagi manbalarga tayanib, Rossiya Germaniya va Buyuk Britaniyadagi logistika markazlaridagi voqealarga aloqadorligini yozdi. Nashrning yozishicha, xavfli posilkalarda magniy asosidagi yonuvchi modda bilan to‘ldirilgan elektr massajyerlar bo‘lgan.

Nashr manbalarining ta’kidlashicha, Rossiya agentlari operatsiyasidan maqsad Shimoliy Amerikaga uchayotgan samolyotlarga o‘t o‘chirish moslamalarini qanday olib kirishni aniqlash bo‘lgan.

Oktyabr oyi oxirida Polsha milliy prokuraturasi DHL omborlarida sodir bo‘lgan yong‘inlar bo‘yicha to‘rt kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Hibsga olinganlar chet el razvedkasi topshirig‘i bilan terrorchilik amaliyotlarida ishtirok etganlikda ayblangan.

Kreml WSJ nashriga bergan izohida G‘arb mamlakatlariga o‘zidan o‘zi yonib ketuvchi posilkalarni tarqatishda ishtirok etganlik ayblovlarini rad etdi.

Ko‘proq yangiliklar: