«Kuchli AQSh erasini sabrsizlik bilan kutamiz». Zelenskiy Trampni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi

Jahon 16:00 / 06.11.2024 15144

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Trampni AQShdagi prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi bilan tabrikladi.

X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan tabrigida Zelenskiy Tramp bilan sentabr oyida bo‘lib o‘tgan «ajoyib uchrashuv»ni eslagan, o‘shanda ular «Ukraina va AQShning strategik hamkorligi, g‘alaba rejasi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini to‘xtatish yo‘llarini batafsil muhokama qilgani»ni aytgan.

«Men prezident Trampning dunyo ishlariga «kuch orqali tinchlik» yondashuviga amal qilishini qadrlayman. Aynan shu prinsip amalda Ukrainada adolatli tinchlikni yaqinlashtirishi mumkin. Umid qilamanki, biz birgalikda buni amalga oshiramiz.

Biz prezident Trampning kuchli rahbarligi ostidagi kuchli Amerika Qo‘shma Shtatlari erasini intiqlik bilan kutamiz. Biz Ukraina AQShdagi doimiy kuchli ikki partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilamiz.

Biz mamlakatlarimizga foyda keltiradigan o‘zaro manfaatli siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Ukraina Yevropadagi eng qudratli harbiy kuchlardan biri sifatida ittifoqchilarimiz ko‘magida Yevropa va transatlantik hamjamiyatda uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga intiladi».

Zelenskiy so‘zining oxirida Trampni shaxsan tabriklash va Ukrainaning AQSh bilan «strategik hamkorligini mustahkamlash yo‘llari»ni muhokama qilish imkoniyatini «sabrsizlik bilan kutayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Tramp allaqachon Floridadagi tarafdorlari qarshisida chiqish qildi va o‘zini saylovlar g‘olibi deb e’lon qildi. U o‘zini AQShning 47-prezidenti deb atab, uning g‘alabasi «Amerikani yana buyuk qilish»ga yordam berishini aytgan.

Trampni qator davlatlar rahbarlari ham tabriklab ulgurdi. Salvador prezidenti Nayib Bukele birinchi bo‘ldi, uning ortidan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Avstriya kansleri Karl Nehammer va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichdan tabriklar keldi. Keyin esa ularga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham qo‘shildi.

Ko‘proq yangiliklar: