Agar respublikachi Donald Tramp AQSh saylovlarida g‘alaba qozonsa, o‘zgarishlar nafaqat AQShga, balki butun dunyoga ham ta’sir qiladi. Stenford universitetining katta ilmiy xodimi Frensis Fukuyama 6 noyabr, chorshanba kuni DW nashriga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilar «qisqa muddatli muammolar», jumladan, inflatsiyaga reaksiya bildirib ovoz beryapti, ularni «Amerika Qo‘shma Shtatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash kabi uzoq muddatli, ancha muhimroq masalalar» tashvishga solmayapti.
Oqibatlar – Trampning Oq uyga qaytishi bilan – butun Yevropa uchun juda yomon pretsedent yaratadi, deya ogohlantirdi Fukuyama Yevropa Ittifoqida o‘ng populistlarining yanada kuchayishiga ishora qilib.
«Biz geosiyosiy xavflar bosqichiga kirmoqdamiz»
DW suhbatdoshining ta’kidlashicha, boshqa «geosiyosiy xavflar» ham bor, «biz hozir ularning bosqichiga kirib kelmoqdamiz».
Xususan, gap «Ukraina hisobidan Putin bilan tinchlik kelishuvi» imkoniyati haqida ketyapti. Bundan tashqari, Vashington Janubi-Sharqiy Osiyodagi ittifoqchilarini Xitoydan himoya qilishni xohlashiga ishonch yo‘q, deya ogohlantirdi ekspert.
Shu bilan birga, u yakuniy xulosalar chiqarishdan oldin taxmin qilmaslikka va AQShdagi ovoz berish natijalarini kutishga chaqirdi.
Fukuyama — RFning Ukrainadagi urushi yakunlari haqida
Avvalroq, 10 sentabr kuni Yalta Yevropa strategiyasining yillik yig‘ilishida Fukuyama Rossiyaning Ukrainadagi urushi natijalari faqatgina qo‘shni davlatlar va mintaqa uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. «Urush natijasiga qarab, Gurjiston, Moldova va Qozog‘istonda ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin – agar Rossiya g‘alaba qozonsa, buni qo‘lida ushlab qololsa va qo‘lga kiritgan Ukraina hududlarini saqlab qolsa, bu davlatlarning har biriga darhol ta’sir o‘tkazadi», — dedi u.
AP: Tramp hozircha 230 ta saylovchilar kollegiyasi ovozi bilan yetakchilik qilyapti
Qo‘shma Shtatlardagi saylovlarda g‘alaba qozonish uchun mutlaq ko‘pchilik — kamida 270 ta saylovchilar kollegiyasi ovozi kerak. Agar nomzodlarning hech biri kerakli songa yetmasa, prezident AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan, vitse-prezident esa Senat tomonidan saylanadi.
AP prognozlariga ko‘ra, Donald Tramp Toshkent vaqti bilan soat 09.50 holatiga ko‘ra 230 ta saylovchilar kollegiyasi ovozini to‘plagan. Kamala Harris 210 ovoz olib, respublikachidan ortda qolyapti.