O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi 3 ta chegara bojxona postlarida transport harakati vaqtincha to‘xtatiladi

O‘zbekiston 19:40 / 05.11.2024 5927

Farg‘ona viloyatidagi «O‘zbekiston» hamda Namangan viloyatidagi «Uchqo‘rg‘on» chegara bojxona postlari harakatlanuvchi tashuvchilar va haydovchilar uchun vaqtincha yopiladi. Avvalroq Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara bojxona posti harakatlanuvchi tashuvchilar va haydovchilar uchun vaqtincha yopilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Qirg‘izistonning «Qizil-Qiya» chegara bojxona postida axborot tizimlarida texnik ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan mazkur postga tutash Quvasoy shahrida joylashgan Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «O‘zbekiston» chegara bojxona posti orqali 2024 yil 6 noyabr kuni yuk va yengil avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Shuningdek, «Ken-say» chegara bojxona postiga tutash Namangan viloyati bojxona boshqarmasining «Uchqo‘rg‘on» chegara bojxona posti orqali ham harakat vaqtinchalik to‘xtatiladi.

«Moliya vazirligi huzuridagi Davlat bojxona xizmati ma’lum qiladiki, Yagona axborotlashtirilgan elektron tizimi dasturiy ta’minotini modernizatsiya va takomillashtirish bilan bog‘liq texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan 6 noyabr kuni soat 00:00 dan 23:59 gacha bojxona operatsiyalari vaqtincha ishlamaydi», — deyiladi Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmati xabarida.

Shu bois Qirg‘iziston idorasi fuqarolardan texnik ishlar vaqtida tovarlar va transport vositalari harakati bo‘yicha o‘z harakatlarini muvofiqlashtirish va oldindan rejalashtirishni so‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: