Mudofaa «yashil energetika»ga qarshi: Shvetsiya 13 ta shamol generatori qurilishiga ruxsat bermadi

Jahon 22:47 / 05.11.2024 2853

Shvetsiya xavfsizlik nuqtai nazaridan Boltiq dengizida 13 ta shamol stansiyasini qurishga ruxsat bermadi. Hukumat 4 noyabr kuni 14 ta shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qaror qabul qilgan bo‘lib, ulardan faqat bittasi ruxsat olishga muvaffaq bo‘lgan.

Shamol fermalarini Aland orollariga qurish rejalashtirilgan edi. Mamlakat hukumati Boltiq dengizida mazkur obektlarning qurilishi Shvetsiya mudofaasi uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin deb hisoblamoqda.

Bundan oldin hukumat g‘arbiy sohilda ikkita dengiz shamol elektr stansiyasini qurishga ruxsat bergan: Janubiy Kattegat va Galenda. Endi g‘arbiy sohildagi Stenungsund shahrida ham Poseidon shamol elektr stansiyasini qurish ma’qullandi — u yerga 81 ta shamol turbina o‘rnatiladi.

Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yonsonning ma’lum qilishicha, shamol elektr stansiyalari mojaro holatida Patriot’lar orqali raketalarni aniqlash va ularni urib tushirishga xalaqit beradi.

Poseidon — offshor shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha uchinchi loyiha bo‘lib, unga 2022 yilda ruxsat berilgan. Yana 10 ta shu kabi ariza hukumat qarorini kutmoqda.

«Bu kabi qurilishlarning rad etilishi ko‘plab savollarni yuzaga keltiradi. Masalan, Shvetsiya keyingi 20 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ikki barobarga oshirish bo‘yicha rejalarini qanday uddalaydi?» — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Shvetsiya hukumati yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun atom energetikasini rivojlantirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: