Isroil BMTga UNRWA faoliyati taqiqlangani haqida rasman xabar berdi

Jahon 13:29 / 05.11.2024 1712

Isroil BMTni falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) faoliyatini taqiqlash bo‘yicha ilgari qabul qilingan qarorning amalga oshirilishi haqida rasman ma’lum qildi. Tegishli bildirishnoma 4 noyabr, dushanba kuni Isroilning BMTdagi doimiy vakili Denni Danon tomonidan X platformasida chop etilgan postda keltirilgan. Postga Isroil Tashqi ishlar vazirligining maktubi ilova qilingan.

Xabarda aytilishicha, UNRWA'ni taqiqlovchi qonun loyihasi uch oydan so‘ng kuchga kiradi va shu vaqtgacha Isroil «G‘azo sektoridagi tinch aholiga Isroil xavfsizligi uchun tahdid keltirmaydigan tarzda gumanitar yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamkorlar, jumladan, BMT tashkilotlari bilan hamkorlikni davom ettiradi».

Isroil G‘arbiy sohildagi UNRWA markazini butunlay vayron qildi

Isroil armiyasi ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) markazini butunlay vayron qildi.

Nur Shams qochqinlar lageri jamoat qo‘mitasi raisi Nihod Chavushning «Anadolu» nashriga aytishicha, Isroil armiyasi lagerga hujum qilishda davom etmoqda.

«Isroil harbiy buldozerlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) lager markazini buzib tashladi. 200 kvadrat metr maydonda barpo etilgan markaz mintaqa aholisining ehtiyojlari ko‘zga tashlanadigan maskanga aylangandi», – dedi u.

Chavushning so‘zlariga ko‘ra, Isroil avvalroq UNRWA markaziga hujum qilishga uringan. «UNRWA markazi Isroilning oldingi hujumlarida qisman vayron qilingan edi, bugun esa Isroil armiyasi binoni butunlay vayron etdi», dedi u.

Chavushning eslatishicha, markaz Nur Shams qochqinlar lagerini boshqarish va tibbiy xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi. Markaz yaroqsiz holga keldi, dedi u.

Falastinning WAFA axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Nur Shams qochqinlar lagerida 1536 nafar bola ta’lim olayotgan ikkita UNRWA maktabi va turli sohalarda xizmat ko‘rsatuvchi sog‘liqni saqlash markazi ham joylashgan.

Avvalroq Knesset (Isroil parlamenti) mamlakatda UNRWA faoliyatini taqiqlashga qaror qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: