Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olindi

Jamiyat 09:59 / 05.11.2024 11164

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari tezkor tadbirda ushlandi.

DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan obektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligining ma’muriy binosi yonida 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur obektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham ushlangan.

Hozirda hokim o‘rinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

DXXning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MChJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i olib berish evaziga 20 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi o‘z xizmati uchun 10 mln so‘m hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablag‘i ajratib berish evaziga 2 mln so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan departament hamda viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bankdan 100 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishida yordam berish evaziga 9 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ko‘proq yangiliklar: